Sport | 20:05 / 12.07.2015
32443
2 daqiqa o‘qiladi

Ramzon Qodirov Chagayevning g‘alabasi haqida: “Mening inim chempion!”

11 iyul kuni Germaniyaning Magdeburg shahrida o‘tkazilgan o‘zbekistonlik bokschi Ruslan Chagayev va italiyalik charm qo‘lqop ustasi Franchesko Pyaneta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jangda O‘zbekiston boks maktabining tarbiyalanuvchisi Ruslan Chagayevning qo‘li baland keldi. Chagayev jangning 1-raundidayoq o‘z raqibi ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Shu munosabat bilan oxirgi vaqtlarda Chagayevni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Checheniston rahbari Ramzon Qodirov ijtimoiy tarmoqlarda bokschining ushbu g‘alabasi munosabati bilan o‘z tabrigini yo‘lladi.

“Magdeburg “Ahmat” jang klubining vakili, mening qadrdon inim Ruslan Chagayevning italiyalik bokschi Franchesko Pyaneta ustidan erishgan yorqin, ishonchli g‘alabasining guvohi bo‘ldi.

Ruslan WBA talqini bo‘yicha o‘ta og‘ir vazn toifasidagi o‘zining muntazam jahon chempioni unvonini himoya qildi. Jangning 1-raundidayoq sof nokaut! Ruslan, biz sen bilan faxrlanamiz!!!!!!

U Checheniston, Rossiya, O‘zbekiston, Germaniyadan barcha muxlislari, barcha musulmonlar, haqiqiy boks ishqibozlarining ishonchini oqladi. U bugunda o‘ta og‘ir vazn toifasidagi eng zo‘r bokschi ekanligini isbotladi”, deb yozmoqda Ramzon Qodirov.