O‘zbekiston | 21:40 / 13.07.2015
5026
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 11 nafar oilaviy juftlik Rossiyaning “Muhabbat va sadoqat” medali bilan taqdirlandi

Rossiyada “Oila, muhabbat va sadoqat kuni nishonlanishi” munosabati bilan Toshkentda 11 nafar oilaviy juftlik “Muhabbat va sadoqat” medali bilan taqdirlandi. Bu haqda Rossiyaning MDH, xorijda yashovchi vatandoshlar va xalqaro gumanitar hamkorlik ishlari bo‘yicha federal agentligi (Rossotrudnichestvo)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasida ma'lum qilindi.

Rossiyada “Oila, muhabbat va sadoqat kuni” XIII asrda yashagan avliyo Pyotr va Fevroniya Muromskiylar xotirasi kuniga bag‘ishlab ta'sis etilgan. Rossiyada ushbu bayram 2008 yilning 8 iyulidan boshlab nishonlab kelinadi.

Ushbu kun munosabati bilan Rossotrudnichestvoning Rus madaniyati markazi hamda Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilgan tadbiri Toshkentdagi Rossiya fan va madaniyat markazida o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar vakillari, oilaviy juftliklar, jamoatchilik vakillari, Toshkentdagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari o‘qituvchilari, turli tashkilot rahbarlari ishtirok etishdi.

“Biz bu xotira medallarini 25 yil birga yashagan oilaviy juftliklarga topshiramiz. Bugun an'anaviy oilaviy qadriyatlarga tajovvuz qilishga harakat qilinayotgan paytda, oila o‘chog‘i, sadoqatni saqlash va qo‘llab-quvvatlash hamda farzandlarni munosib tarbiyalash sog‘lom jamiyatning asosiy vazifasi hisoblanadi”, deb aytdi taqdirlash marosimida Rossotrudnichestvo vakolatxonasi rahbari Viktor Shulik.

Tadbir mehmonlari uchun “Oila, muhabbat va sadoqat kuni” deb nomlangan fotoko‘rgazma hamda Toshkentdagi bolalar raqs va vokal jamoalari ishtirokida konsert tashkil etildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish