21:36 / 14.07.2015
6026

Alisher Usmonov Rossiya futbol ittifoqiga bergan qarzini kechib yubordi

Rossiyalik biznesmen Alisher Usmonov Rossiya futbol federatsiyasiga bergan qarzini kechib yuborishini va Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kapello bilan shartnomaning bekor qilinishi jarayoniga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi.

“Men Kapello bilan shartnomaning bekor qilinishi haqidagi qarordan bexabarman. Men faqatgina murabbiy maoshini ololmayotgani uchun yordam berishga qaror qilganman. Hech kim buni mendan so‘ramagan, gap RFIda emas. Men o‘z ishimni qildim, qolganini buni qilishi kerak bo‘lgan odamlar hal qiladi. Men o‘shanda qarz bergan odamlarim hozirda o‘z lavozimlaridan ketganlar, shuning uchun men hech kimdan qarzning qaytarilishini so‘ramayman. Bu mening RFIga o‘z ishlarini to‘g‘rilab olishi va jahon chempionatiga munosib ravishda tayyorgarlikni ta'minlashdagi yordamim bo‘ladi”, deb ta'kidlamoqda Usmonov.

14 iyulda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kapello iste'foga chiqarildi. Italiyalik mutaxassisga to‘lanadigan tavon puli 930 mln rublni tashkil etdi.
Shu bilan birga, o‘tgan haftada italiyalik mutaxassisning maoshi bo‘yicha barcha qarzlar va hattoki yilning oxirigacha bo‘lgan maoshi ham to‘liq to‘lab berildi.

Usmonov RFIga italiyalik mutaxassis oldidagi qarzini to‘lashi uchun fevral oyida 400 mln rubl, iyun oyida esa 300 mln rubl qarz bergan edi. RFI rahbari lavozimini vaqtinchalik bajarayotgan Nikita Simonyan Usmonov bu berilgan mablag‘larni kechib yuborishiga umid bildirishini aytgan edi.

Top