Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda barcha maishiy texnika energiya samaradorlikka tekshiriladi
O‘zbekiston hukumati ishlab chiqarish xarajatlari va mahsulot tannarxini kamaytirish, chetdan olib kirilayotgan va sotilayotgan maishiy elektr asboblar hamda qurilayotgan bino va inshootlarning elektr samaradorligini ta'minlash maqsadida elektr asboblar va binolarni majburiy energetik markirovkalash va sertifikatlash tizimini joriy qilish haqida qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, 2016 yilning 1 yanvaridan O‘zbekistonda mamlakat hududiga olib kirilayotgan va sotilayotgan maishiy elektr asboblarning texnik hujjatlarida, markirovkasi va etiketkalarida majburiy tartibda tegishli energiya samaradorlik sinfi haqidagi ma'lumotni ko‘rsatish talabi kiritilmoqda.
Maishiy texnika va elektronikani energiya samaradorlik sinfini belgilash uchun “A”, “V”, “S”, “D”, “Ye”, “F”, “G” belgilashlar kiritilmoqda. Bunda “A” sinf eng yuqori energiya samaradorlikka ega va mos ravishda “G” eng kam energiya samaradorlikka ega maishiy elektr asboblarini belgilash uchun ishlatiladi. Energiya samaradorlikning “A+”, “A++” va undan yuqoriroq qo‘shimcha sinflari “A” sinfi uchun belgilangan darajadan ancha ko‘proq energiya samaradorlikka ega maishiy elektr asboblarni belgilash uchun qo‘llanadi.
Bundan tashqari, hujjatlari, markirovkasi va etiketkalarida energiya samaradorlik haqida ma'lumot berilmagan maishiy texnika va elektronikani 2016 yilning 1 yanvaridan O‘zbekiston hududiga olib kirish va 2016 yilning 1 iyulidan sotish taqiqlanadi. Shuningdek, hukumat qarori bilan bosqichma-bosqich tartibda – 2017 yil 1 yanvardan “G” sinfdagi energiya samaradorlikka, 2018 yil 1 yanvardan – “F”, 2019 yil 1 yanvardan “Ye” sinfdagi energiya samaradorlikka ega maishiy elektr asboblarning olib kirilishi va sotilishiga taqiqlov kiritiladi.
Bu talablar konditsionerlar, muzlatgichlar, idish yuvish, kir yuvish va kirxona mashinalari, elektr suv isitgichlar, havoni isitish va tuproqni isitish elektr qurilmalari, mikroto‘lqinli pechlar, elektr plitalar, qaynatish yuzalari, monitorlar, televizorlar, qizdirish lampalariga nisbatan qo‘llanadi.