22:18 / 14.07.2015
8629

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Toshkentga yetib keldi

14 iyul kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Eron yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan Venadan Toshkentga ishchi safar bilan yetib keldi, deb xabar berdi Gazeta.uz nashri.

Ishchi safar doirasida Lavrov 15 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tomonidan qabul qilinadi va O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o‘tkazadi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu safar “dunyodagi va Markaziy Osiyodagi tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashda muhim omil bo‘lib hisoblanuvchi Rossiya-O‘zbekiston suhbatining chuqurlashishiga ko‘mak berishga” qaratilgan.

Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari tashqi siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining keng doiradagi masalalarini muhokama qiladilar.

Abdulaziz Komilov va Sergey Lavrov kun tartibidagi xalqaro va mintaqaviy dolzarb mavzular bo‘yicha fikrlar almashadilar. Bunda MDH, ShHT va BMT kabi tashkilotlar doirasida birgalikdagi harakatlar, Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi, terrorchilik va ekstremizmning tarqalishiga qarshi kurashish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratish rejalashtirilmoqda.

Top