12:36 / 14.07.2015
4828

Toshkentda Xitoyda ishlab chiqarilgan sayyohlik avtobuslari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

O‘zbekistonda sayyohlik sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga katta e'tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi muhim masalalardan biri sayyohlarni yuqori sifatli transport xizmatlari bilan ta'minlash hisoblanadi.

Transport vositalariga sayyohlik yo‘nalishidagi narxlarning asosiy ulushi to‘g‘ri keladi. Sayyoh o‘z sayohatini rejalashtirayotgan paytda dam olish joyigacha yetkazilish tezligi, sayohatdagi qulaylik, narx, yuklarni tashish, yo‘lda to‘xtash, tanovul qilib olish, dam olish sharoitlari imkoniyatining mavjudligi, shovqin darajasi, zararli ekologik omillarning mavjudligi va albatta, xavfsizlikni hisobga oladi.

Qashqadaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida 2013-2015 yillarda sayyohlik sohasi miqyoslarini yanada rivojlantirish va kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasiga ko‘ra, sayyohlik sinfidagi transport vositalarini xarid qilish bo‘yicha tadbirlarning alohida bandlari tasdiqlangan.

Shu munosabat bilan “O‘zbekturizm” MK binosida Xitoyning “Yutong” kompaniyasining taqdimoti sayyohlik faoliyati sub'yektlarini zamonaviy, barcha qulayliklarga ega avtobuslar bilan ta'minlash masalasiga bag‘ishlandi. Avtomobilsozlik sohasida faoliyat yurituvchi Xitoyning ushbu yirik kompaniyasi mijozlarning istaklari bo‘yicha nostandart ko‘rinishda bajarilgan bir qator zamonaviy avtobuslar turlari: yo‘lovchi, sayyohlik avtobuslari, jamoatchilik transporti, uzoq masofalarga tashish uchun mo‘ljallangan maxsus avtobuslarni taklif qilmoqda.

Taqdimotda ishtirok etgan sayyohlik sub'yektlari va transport kompaniyalari vakillari O‘zbekiston iqlimiga ko‘proq mos keladigan variantlarni muhokama qilishdi. Qayd etish joizki, “Yutong” markasidagi avtobuslar O‘zbekistonda ishlatib kelinmoqda va ekspertlar tomonidan ular yuqori baholanmoqda. Bunda avtobusning ishonchligi, yuqori sifati va tejamkorligi kabi ko‘rsatkichlarga alohida ahamiyat berilmoqda. Avtobuslarda yonilg‘i sifatida gazdan foydalaniladi va bu ularni boshqa transport vositalariga nisbatan tejamkorroq qiladi.

Ushbu kompaniya avtobuslari Fransiya, Makedoniya, Norvegiya, Kuba, Venesuela, Isroil, Eron, Saudiya Arabistoni va Rossiya kabi dunyoning ko‘plab davlatlariga eksport qilinadi.

Top