Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fan va texnologiya universiteti o‘zbekistonliklarni Janubiy Koreyada o‘qishga taklif qildi
O‘zbekistonga Janubiy Koreyaning Fan va texnologiya universiteti (University of Science&Technology, UST) delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiyaga universitet prezidenti Li Un Vu boshchilik qilmoqda.
Tashrif doirasida 14 iyul kuni Toshkentdagi Lotte City Hotel mehmonxonasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda mehmonlar muxbirlarni qiziqtiruvchi savollarga javob berdi.
Tadbirda ta'kidlanishicha, 2003 yili tashkil etilgan universitet qisqa muddatda o‘z davlatining yetakchi oliygohlaridan biriga aylana olgan. Universitetning bosh ofisi Jaejon shahrida, filiallari esa Seul, Suvon, Ansan va Seongamda joylashgan. Oliygohda ikki yillik magistrlik dasturlari mavjud. Uni bitirganlar ta'limni PhD bosqichida davom ettirishi mumkin bo‘ladi.
Ayni paytda oliygohda mingdan ortiq talaba tahsil ko‘rmoqda. Ularning uchdan bir qismi chet el fuqarolaridir.
“Jahon” axborot agentligiga bergan intervyusida universitet prezidenti o‘zbekistonlik yoshlarni universitetda ta'lim olishga taklif qildi.
“Biz o‘z talabalarimiz ichida O‘zbekiston vakillarini ham ko‘rishdan xursand bo‘lamiz”, – ta'kidladi u.