Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ostonadagi markaziy masjidga Laylat ul-qadr tunida 20 ming namozxon tashrif buyurdi
Ostona shahridagi Hazrat Sulton markaziy masjidiga 13 iyuldan 14 iyulga o‘tar kechasi, Laylat ul-qadr tunida 20 ming kishi tashrif buyurdi. Bu haqda Nur.kz sayti xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, tashrifchilarning katta qismini yoshlar tashkil etgan. Ayrimlar oilasining sog‘lig‘i va baxti uchun duo qilish maqsadida yosh bolalarini ham olib keldi.
Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Oltinbek Utisxono‘g‘li ushbu kunning butun dunyo musulmonlari uchun naqadar muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab o‘tdi.
“Odamlar asosan xalq birligini va mamlakat tinchligini saqlash haqida duo qiladilar. Yoki o‘z gunohlari uchun kechirim so‘raydilar. Yoshlar oliygohlarga kirishda va ta'lim olishda yordam so‘rab iltijo qiladi. Ko‘plar ota-onasining sog‘lig‘iga yoki farzand ato etishni so‘rab duo qiladi. Bu oqshom masjidga ko‘p odam keldi. Kimdir namoz o‘qishni biladi, kimdir bilmaydi. Kimdir hech qachon masjidda bo‘lmagan va bu yerga birinchi marta kelishi. Biz namozni ado etish, masjidni ko‘zdan kechirish va dinga yaqinlashish uchun barcha sharoitlarni yaratdik”, – dedi u intervyu chog‘ida.
Shuningdek, Utisxono‘g‘li yildan yilga masjidga keluvchi yoshlar sonining oshib borayotganidan mamnun ekanligini yashirmadi:
“Qozoqlarda bir maqol bor – Xudodan qo‘rqma, Xudodan qo‘rqmagandan qo‘rq. Boshqacha aytganda, Allohga ishongan yoshlar abort qildirmaydi, jinoyat sodir etmaydi, ota-onasini qariyalar uyiga topshirmaydi, bolasini tashlab ketmaydi, vatani va xalqiga xizmat qiladi”.
“Masjidlar soni ortib bormoqda. Bu nafaqat din vakillari olib borayotgan ishlar mevasi, balki aholining ruhiy kamoliti natijasidir”, – xulosa qildi Utisxono‘g‘li.