Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonda jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurash kuchaytiriladi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tegishli qaror bilan yana uchta boshqarma – Moliya vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi qimmatbaho qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish Markazi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish Davlat qo‘mitasiga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurash bilan shug‘ullanish vazifasini yukladi.
Avval bu faoliyat bilan faqatgina Bosh prokuratura huzuridagi soliq, valyuta jinoyatlari va jinoiy daromadlarni qonuniylashtirishga qarshi kurashish departamenti shug‘ullangan.
Ushbu qaror bilan hukumatning ba'zi qarorlariga jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qonuniylashtirish va terrorchilikni moliyalashtirishga qarshi kurashish maqsadida o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi.
Moliya vazirligi sug‘urtachilar va sug‘urta vositachilari, lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlar (bank va kredit tashkilotlardan tashqari), lotoreya va riskka asoslangan o‘yinlarni tashkil qiluvchilar va auditor tiashkilotlarini; Davlat raqobat qo‘mitasi huzuridagi qimmatbaho qog‘ozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish Markazi qimmatbaho qog‘ozlar ishtirokchilarini (banklar va sug‘urtachilardan tashqari); Davlat raqobat qo‘mitasi birja a'zolari va rieltorlik tashkilotlari faoliyatini nazorat qiladi va tekshiradi.
Bu tashkilotlarga bir oylik muddat ichida o‘z me'yoriy-huquqiy hujjatlarini yangi qarorga muvofiq tartibga keltirish vazifasi yuklatildi.