01:47 / 15.07.2015
3776

Slovakiya Ukraina chegarasidagi politsiyani qo‘shimcha qurol-aslaha bilan qurollantirdi

Slovakiya hukumati Ukraina bilan chegarasidagi politsiyachilarni qo‘shimcha qurol-aslaha bilan qurollantirdi.

Qo‘shni Mukachevodagi voqeadan keyin slovakiyalik politsiyachilar avtomat olib yurishga majbur bo‘lmoqdalar.

“Slovakiya politsiyasi Mukachevodagi voqeadan keyin o‘sha kuniyoq tegishli xavfsizlik chora-tadbirlarini ko‘rdi. Bu chora-tadbirlar patrullar soni va politsiyachilar va chegarachilarga qurol-aslahaning ko‘paytirilishini o‘z ichiga oladi”, deb izoh berilmoqda ushbu holatga Slovakiya Tashqi ishlar vazirligida.

Shu bilan birga Bratislavada Mukachevodagi voqealar Ukraina bilan vizasiz tartib kiritilishi masalasiga ta'sir qilmasligi ta'kidlab o‘tildi.

Ma'lumot uchun, 11 iyulda Ukrainaning Mukachevo shahrida xalq deputati Mixail Lano va “Praviy sektor” ko‘ngillilar korpusining 1-zaxiradagi bataloni rahbari bilan uchrashuv paytida otishma yuz berdi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgan.

Voqea joyiga huquq-tartibot muassasalari xodimlari kelgach va suhbat hech qanday natija bermagach, uchrashuv joyiga uchta zirhli mashinada kelgan “Praviy sektor” jangchilari tutunli granatani portlatib, shahar tashqarisiga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lishgan.

Yo‘lda ularni militsiya blokposti to‘xtatgan, biroq “Praviy sektor” jangchilari ularga bo‘ysunmay, avtomat, pulemyot va granatomyotlarni qo‘llagan holda to‘xtamasdan o‘tib ketganlar. Oqibatda militsiyaning uchta mashinasi yo‘q qilingan.

Top