13:51 / 16.07.2015
6321

Abituriyentni o‘qishga kiritish uchun pul olgan firibgar imtihongacha boshqa sabab bilan qamalib ketdi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida istiqomat qiluvchi Jo‘rayevlar oilasini aldab, ulardan 4 ming dollar pul olgan firibgar boshqa sabab bilan qamalib ketdi. Bu haqda “Ogoh” gazetasi yozmoqda.

Keltirilishicha, Jo‘rayevlar oilasi – Mirza va Gulnora farzandlari Xurshidning ikki yil ketma-ket Toshkent temir yo‘llar va muhandislik oliygohiga kira olmayotganidan xavotirga tushib, qo‘shnilari Rahima Qodirova orqali o‘zini mas'ul shaxs deb tanishtirgan Mirzaakbar Mahmudov bilan tanishishgan. Mahmudov ularning ishini 6 ming dollarga hal qilib berishini, bu pulning 60 foizini oldindan berish kerakligini aytgan. Er-xotin 11.6 mln so‘mni 4 ming dollarga hisoblab unga berishgan.
Ammo imtihon kuni Xurshidga hech kim yordam bermagan. Imtihon natijalari chiqqanida esa u yana talaba bo‘la olmagani ma'lum bo‘lgan.

Jo‘rayevlar vaziyatni aniqlashtirish uchun Mahmudovning uyiga borishgan. Mirzaakbarning eshikni ochgan rafiqasi eri yaqinda boshqa bir sabab bilan qamoqqa tushganini aytgan.
Bundan tashqari, Mahmudovning mas'ul shaxs emasligi, balki muqaddam to‘rt marotaba sudlangan firibgar ekanligi aniqlangan.

Top