18:29 / 16.07.2015
5217

2015 yilning birinchi yarim yilligida O‘zbekiston YaIM o‘sishi 8,1 foizga teng bo‘ldi

2015 yilning 16 iyul kunida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda joriy yilning birinchi yarim yilligida respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari ko‘rib chiqildi hamda qabul qilingan 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Ma'lum qilinishicha, birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha yalpi ichki mahsulotning o‘sishi 8,1 foizni tashkil etdi, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi ham 8,1 foizga o‘sdi. Eksport hajmlarining 7,4 foizga o‘sishi va tashqi savdo aylanmasining ijobiy saldosi ta'minlandi. Davlat byudjyeti profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognoz parametrlardan ortiq bo‘lmadi.

Shuningdek, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish hajmlarining 13,5 foizga, chakana tovar aylanmasining 14,8 foizga va xizmatlarning 13,1 foizga o‘sishini ta'minladi.

Aholi bandligi masalalarini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 2015 yilning birinchi yarim yilligida 441,8 mingta yangi ish o‘rni, ulardan 274,9 ming ish o‘rni yoki 62,2 foizi qishloq joylarda tashkil etildi.

Qayd etib o‘tilishicha, ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar faqat birinchi yarim yillikning o‘zidagina 15,2 mingta yangi kichik biznes sub'yektlarini tashkil etishga ko‘maklashdi, bu 2014 yilning shu davridagidan 6,3 foiz ko‘p hisoblanadi.

Kichik biznes sub'yektlariga 6,4 trillion so‘m yoki o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 1,3 baravar ko‘p bank kreditlari ajratildi.

Faol investitsiya siyosatini hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash chora-tadbirlarini amalga oshirishni davom ettirish, infratuzilmani rivojlantirish o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 9,8 foizga, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar 10,9 foizga o‘sishini ta'minladi. 2015 yilgi Investitsiya dasturi doirasida 63 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish tugallandi. 1866 ta ishlab chiqarish obekti foydalanishga topshirildi. Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning 585 ta yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Investitsiya jarayonlarining faollashuvi pudrat qurilish ishlari hajmining 18 foizga o‘sishiga ko‘maklashdi.

Top