Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fransiyada Bastiliya ishg‘ol qilingan kun bayramini nishonlovchilar 721ta mashinani yoqib yuborishdi
14 iyul kuni Fransiyaning bosh milliy bayramlaridan biri, Bastiliyaning ozod qilinganiga 226 yil to‘lgan kunda bezorilar 721ta avtomobilni yoqib yuborishdi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vazirligida xabar berilgan.
Ma'lum qilinishicha, shu kuni politsiya xodimlari 603 nafar bezorini hibsga olgan. Tartibsizliklarning asosiy qismi 13 iyuldan 14 iyul kuniga o‘tar kechasi yuz bergan.
IIVda ma'lum qilinishicha, bu yil yoqib yuborilgan mashinalar soni o‘tgan yili xuddi shu kunda yoqilgan mashinalar sonidan 23 foizga, hibsga olinganlar soni esa 68 foizga ko‘p bo‘lgan. 14 iyuldan 15 iyul kunigacha o‘tar kechasi esa yana 723 kishi qamoqqa olingan.
Bunday tartibsizliklar Fransiyaning barcha yirik shaharlarida, ayniqsa Lion shahrida keskin tarzda bo‘lib o‘tgan. Lionda katta supermarket yoqib yuborilgan, bezorilar o‘t o‘chirish mashinasi va politsiya avtomobiliga hujum qilishgan.
Mamlakat poytaxtining Seni-Sen-Deni tumanida ham ommaviy tartibsizliklar kelib chiqqan va bu yerda politsiya 108 nafar kishini qo‘lga olgan.
Ma'lumot uchun, "Bastiliya ishg‘ol qilingan kun" Birinchi Fransiya respublikasi tashkil topgan kun sifatida har yili nishonlanadi. 1789 yilning 14 iyulida qo‘zg‘olonchilar Bastiliya qamoqxonasini ishg‘ol qilishgan hamda o‘sha davrdagi qirol Lyudovik XVI ni taxtdan ag‘darishgan edi. Isyonchilar tuzgan birinchi respublika 1789-1794 yillar davomida saqlanib turgan. Fransiyada bu kunni milliy bayram sifatida nishonlash 1880 yilda joriy qilingan, o‘sha yilda Parijdagi Lonshan maydonida harbiy parad ham o‘tkazilgandi.
Hozirda ham Fransiyaning barcha shaharlarida bu kunda 1 daqiqa sukut saqlanadi va "Marseleza" madhiyasi yangraydi. Shu kuni Fransiya davlati rahbariga boshqa davlatlar rahbarlaridan tabrik maktublari keladi, Yelisey saroyida bayram dasturxoni tuzalib, bal tashkil etiladi. Bayram so‘ngida esa Eyfel minorasi va Champde-Mars maydonida mushaklar otiladi.