Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Musulmonlar Makkadan olib ko‘rsatilgan manzaralar uchun Snapchat`ga minnatdorchilik bildirishdi
Snapchat messenjeri o‘zining 5 daqiqalik syujyetlaridan birini barcha musulmonlar uchun eng muqaddas qadamjo hisoblangan Makka shahridan olib beriladigan translyatsiyalar uchun bag‘ishladi. Musulmonlar ushbu xizmatga Tvitter orqali o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi. Bu haqda Time nashri xabar bermoqda.
Oxirgi kunlarda foydalanuvchilar tvitterda #mecca_live xeshtegi bilan 112 mingta tvit yozishdi va ularda Snapchat`ga musulmonlarning Makkaga ziyoratlarini translyatsiya qilgani uchun minnatdorchilik bildirildi. Xizmatning muharrirlari tomonidan tanlab olingan foydalanuvchilar tomonidan olingan videolar Saudiya Arabistonidagi g‘ayridinlar uchun kirish taqiqlangan shahar ichiga nazar solish imkoniyatini berdi.
Jonli translyatsiyada nafaqat Makka markazining yuqoridan olingan lavhalari, balki shaharliklarning hayotlaridan, misol uchun, musulmonlar qanday ro‘za tutayotganlari, iftorlik qilayotganlari, namoz o‘qiyotganlari kabi lavhalarni namoyish qilindi.
Al Jazeera telekanalining xabar berishicha, musulmon foydalanuvchilar Snapchat`ga Makkadagi har yili amalga oshiriladigan ziyoratlarni ijobiy ko‘rinishda taqdim qilgani va gap islom haqida ketganda dalillarni salbiy ko‘rsatish yondashuvini o‘zgartirganlari uchun minnatdorchilik bildirishdi.
Snapchat`dagi har bir translyatsiya roppa-rosa 5 daqiqa davom etadi va foydalanuvchilar bu vaqt davomida shaharning yoki alohida odamlarning hayotidagi voqealar haqida fotosuratlar va qisqa videolarni tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Har kuni muharrirlar jamoasi, ularning fikricha, eng ahamiyatli bo‘lgan bir nechta voqealarni tanlab olib, ushbu mavzu bo‘yicha fotosuratlar jamlanmasi va qisqa videoroliklarni tuzib chiqishadi. Voqealar chop etilgandan keyin 24 soatdan keyin o‘chib ketadi. “Chunki bugungi yangiliklar ertasiga tarix bo‘lib qoladi”, deb aytmoqdalar xizmat vakillari.
Makkadan olib ko‘rsatilgan translyatsiyalar vaqti sifatida 14 iyul yoki Ramazon oyining 27-kechasi, ya'ni Laylatul qadr kechasi bejizga tanlangani yo‘q, chunki aynan shu kuni Jabroil alayhissalom payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ga Qur'onning birinchi oyatini nozil etgan.
Har yili Makkani 100 mln nafarga yaqin musulmon ziyorat qiladi. Musulmonchilik an'analariga ko‘ra, Ramazon oyida Makkani ziyorat qilish ayniqsa muhim hisoblanadi. Joriy yilda Ramazon oyi boshidan beri Makkani 14 mln nafarga yaqin odam ziyorat qildi.
Snapchat`ning o‘ziga xos jihati – unda chop etilgan xabarlar biror vaqt o‘tib, avtomatik ravishda o‘chib ketishi unga mashhurlik keltirgan. Bu xizmatda chop etilgan videolar har kuni 2 mlrd.ga yaqin namoyish yig‘adi. Snapchat xizmatidan har oyda 100 mln.ga yaqin odam foydalanadi, xizmatning biznesi esa 10 mlrd dollarga baholanmoqda.