17:39 / 16.07.2015
4056

So‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar soni 1,3 barobarga kamaydi

Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston tibbiyotining pediatriya tizimi, ushbu sohada erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda ayni kunlarda bolalarni 11ta xavfli kasallikka qarshi rejali emlash davom etayotgani ta'kidlandi.

Ma'lum qilinishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan yana yangi 2ta pnevmokokk va papilloma virusi kabi xavfli infeksiyalarga qarshi vaksina bilan bosqichma-bosqich emlash mo‘ljallanmoqda. Soha mutaxassislarining fikricha, yangi turdagi emlash usullari kelajakda yuqumli va onkologik kasalliklarni oldini olishda muhim o‘rin tutadi.

Bugungi kunda butun respublika bo‘ylab yo‘lga qo‘yilgan skrining va perinatal kabi yangi tibbiy markazlar sog‘liqni saqlash sohasining ajralmas qismiga aylandi.

Anjumanda ma'lum qilinishicha, ayni paytda O‘zbekistonda 5760 nafar pediatr, 1420 nafar neonatolog, 811 nafar xirurg, 263 nafar oftalmolog, shuningdek 662 nafar nevropotolog hamda 800 nafarga yaqin bolalar stomotologi kabi ko‘plab mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2014 yilda 6 million 500 ming nafar maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, maktab, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘quvchilari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan. Rejaning amalga oshirilishi natijasida so‘nggi 10 yil ichida rivojlanishida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalar soni 1,3 barobarga kamaydi.

6-15 yoshli bolalar orasida o‘tkir yuqumli kasalliklar bilan og‘rish 34,4 foizga, pnevmoniyaga chalinish 49,7 foizga, bronxit 32,8 foiz va skolioz kasalligi 32,7 foizga kamaygan.

Shifokorlarning aytishicha, bolalar orasida tug‘ma va orttirilgan eshitish zaifligi degan kasallik bo‘lib, bolalar ushbu nuqson tufayli eshitish qobiliyatidan mahrum bo‘lib qoladilar. Ma'lumotlarga qaraganda, bu xastalik dunyoning sanoqli davlatlaridagina davolanadi. O‘zbekistonda esa 2014 yildan boshlab eshitish zaifligi bo‘lgan bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyasi yo‘lga qo‘yildi.Mazkur operatsiya davlat byudjyeti hisobidan amalga oshiriladi.

Rejaga ko‘ra 2016 yilga qadar barcha davolash muassasalari qatori mamlakatimizning 13 ta viloyatida ko‘p tarmoqli bolalar tibbiy markazini qurish va qayta rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkaziladi.

Top