17:51 / 17.07.2015
2671

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi umra safaridan qaytib keldi

16 iyul kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning Ramazon mavsumidagi 166 nafardan iborat dastlabki guruhi umra safaridan vatanga sog‘-salomat qaytib keldi. Ziyoratchilarni Toshkent xalqaro aeroportida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlar vakillari kutib oldi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy sayti xabar qilgan.

Ziyoratchilar umra safariga 6 iyul kuni jo‘nab ketishgan edi.

Ma'lum qilinishicha, ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 2 nafar ishchi guruhi, 13 nafar guruh rahbari (ellikboshi), 3 nafar shifokor va 2 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatdi. O‘zbekistonlik ziyoratchilar istiqomat qilishlari uchun Madina shahrida “Masjidi nabaviy”dan 100-150 metr uzoqlikda joylashgan to‘rt yulduzli “Feyruz al-Xayr” mehmonxonasi, Makka shahrida esa “Xaram masjidi”dan 1500-2000 metr uzoqlikdagi “Sovfat al-Miya'd” mehmonxonasi xizmat ko‘rsatgan.
Ziyoratchilar uchun Saudiyadagi mehmonxonalarda sun'iy yo‘ldosh orqali O‘zbekiston televideniyesi dasturlarini tomosha qilish, vatanda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lish imkoniyatlari yaratilgan.

Ziyoratchilarni Saudiya Arabistonida kutib olish, kuzatish va ularga qulay sharoitlar yaratish ishlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Jidda shahridagi Bosh konsullik tarkibida joriy etilgan «Haj» va «Umra» masalalari bo‘yicha attashe hamkorligida tashkil etildi.

Qo‘mitaning kun.uz tahririyatiga ma'lum qilishicha, 18 va 20 iyul kunlarida ziyoratchilarning navbatdagi guruhlari O‘zbekistonga qaytib keladi. Joriy yilgi umra ziyoratiga 670 nafar o‘zbekistonlik yo‘l olgandi.

Top