14:50 / 17.07.2015
11279

Qirg‘iziston AQSh bilan kelishuvni bekor qilmoqchi

Qirg‘iziston AQSh bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni bir tomonlama bekor qilish niyatini bildirdi. Bu haqda respublika hukumatining sayti orqali xabar qilindi.
Bu qaror qirg‘izistonlik inson huquqlari himoyachisi, qamoqda umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan Azimjon Asqarovga “Inson huquqlari himoyachisi” mukofotining berilishi munosabati bilan qabul qilindi.

2010 yilning iyun oyida Qirg‘izistonda o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasida sodir bo‘lgan etnik to‘qnashuvlarda, rasmiy ma'lumotlarga qaraganda, 500 kishi halok bo‘ldi, 2 ming kishi yaralandi. Respublikaning o‘zbek jamoasi vakili bo‘lgan inson huquqlari himoyachisi va jurnalist Azimjon Asqarov Jalolobod viloyatida etnik o‘zbeklarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni hujjatlashtirayotgan paytda qo‘lga olinib, qamoqqa tashlandi. Sud uni ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda, etnik nafrat qo‘zg‘atishda hamda militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonovni o‘ldirishda qatnashganlikda ayblab umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.
Kecha AQSh davlat departamenti Asqarovni “Inson huquqlari himoyachisi” mukofoti bilan taqdirladi. Ayni paytda 47-koloniyada jazoni o‘tayotgan Azimjon Asqarov o‘rniga mukofotni uning o‘g‘li Sherzod qabul qilib oladi.
Bu Qirg‘iziston rasmiylarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi bu boradagi bayonotida AQSh mamlakatdagi etnik totuvlik va muvozanatni buzishga harakat qilganlikda aybladi.
“Shu bois Asqarovning bunday oliy mukofot bilan taqdirlanishi respublika tomonidan mamlakatimizdagi etnik totuvlikni buzishga qaratilgan harakat sifatida baholanadi”, – xulosa qilinadi bayonotda.
Shuningdek, hukumat vakillari bunday qaror ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik munosabatlarining asosiy prinsiplariga zid kelishini ta'kidlab o‘tdi.

Top