Sport | 15:43 / 19.07.2015
4417
2 daqiqa o‘qiladi

“Boka Xuniors” futbolchisi rabona uslubida gol urdi

Argentinaning “Boka Xuniors” jamoasi hujumchisi Xonatan Kaleri “Kilmes”ga qarshi uchrashuvda rabona uslubida to‘p kiritdi. 101greatgoals.com nashrining yozishicha, o‘yin 18 iyuldan 19 iyulga o‘tar kechasi Buenos-Ayresda bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvning 52-daqiqasida Kaleri jarima maydoniga to‘p bilan kirib keldi. Dastlab 21 yoshli futbolchi to‘pni uzatmoqchi bo‘ldi, ammo uzatma himoyachi tomonidan to‘xtatildi. To‘p yana Kaleriga qaytib keldi. Bu safar u to‘pni oldinga chiqib ketgan darvozabon va ikki himoyachining ustidan o‘tkazib, rabona uslubida darvozaga joylab qo‘ydi.
Uchrashuvni tomosha qilib o‘tirgan Diyego Maradona Kalerini olqishladi. Uchrashuv “Boka Xuniors” foydasiga 2:1 hisobi bilan yakunlandi.
Rabona futbolda to‘p bilan ishlashning eng qiyin texnikalaridan biri hisoblanadi. Unda zarba tayanch oyoqning orqasi bilan beriladi. Birinchi marta bunday texnika 1948 yili “Estudiantes” hujumchisi Rikardo Infante tomonidan amalga oshirilgan edi.