16:24 / 19.07.2015
13198

AQShlik siyosatshunos: AQSh Rossiya, Xitoy va Eron bilan baravariga urush olib boradigan holatda emas

AQShlik siyosatshunos Pol Kreyg Robertsning fikricha, AQSh o‘zining kuchlarini Rossiya va Xitoy bilan kurashga qaratish maqsadida Eron yadroviy dasturi bo‘yicha xalqaro vositachilar “oltiligi” tarkibida Eron bilan kelishuvga erishdi.

AQSh davlat kotibi yordamchisi Viktoriya Nulandning Donbassdagi mojaroning kuchayishi holatida AQShning Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyorligi haqidagi so‘zlaridan keyin Roberts AQSh prezidenti Barak Obama Moskva bilan munosabatlarda Vashington tomonidan yaratilgan keskinlikning kamayishidan manfaatdor emasligi haqidagi xulosaga kelmoqda.

“AQSh va uning vakolatli shaxslari dunyoning katta qismida odamlarni o‘ldirishni davom ettirmoqdalar. Ko‘rinishicha, Obama – tinchlik odami emas”, deb yozmoqda siyosiy sharhlovchi Obamaga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti berilganiga sha'ma qilib.

“Rossiya va Xitoy AQShning harakatlarini cheklamoqda. Sobiq Ittifoq tarqalgandan keyin AQSh o‘zining so‘zini hech qanday qarshiliksiz o‘tkazishga o‘rganib qolgan edi.
Biroq Rossiyaning Vladimir Putin rahbarligida ko‘tarilishi hamda Xitoy qudratining oshishi AQShning ustuvorligini barbod qildi. Endi AQSh o‘ziga avvalgi ta'sirini qaytib olmoqchi. Biroq AQSh o‘zining eng yaxshi harbiy va iqtisodiy holatida emas”, deb yozmoqda Roberts.

“O‘zining ulkan manmanligiga qaramasdan, Vashington birvarakayiga AQSh Rossiya, Xitoy, Eron va “IShID” bilan kurasha olmasligini tushunmoqda. Bu holatning anglab yetilishi Eron bilan kelishuvga erishishning sabablaridan biri bo‘ldi”, deb qo‘shimcha qilmoqda siyosatshunos.
Robertsning ta'kidlashicha, Eron bilan kelishuv endi Tehronga IShID jangarilariga qarshi harakat qilishga imkon beradi. Bungacha radikal islomchilik tomonidan solinayotgan xavf va Eron bilan bog‘liq muammolar Vashingtonga Rossiya va Xitoy bilan kurashish uchun zarur bo‘lgan vaqt, energiya va zaxiralarni olayotgan edi.
Bundan tashqari, Eron bilan kelishuv AQSh uchun noqulay bo‘lgan, Yevropaning Rossiyadan energetik bog‘liqligini zaiflashtirishga imkon beradi.
“Vashington bu bog‘liqlikni tugatishni istaydi va qo‘shimcha pullar Eronning Yevropaga tabiiy gaz va neft yetkazib beruvchi davlatga aylanishiga yordam berishiga umid bildirmoqda”, deb yozmoqda Roberts.

Top