Jahon | 08:49 / 19.07.2015
2580
2 daqiqa o‘qiladi

Suriyada Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan 350 mahbus ozodlikka chiqarildi

Suriya hukumati Iyd al-Fitr bayrami munosabati bilan kamida 350 mahbusni ozodlikka chiqardi. Bu haqda 18 iyul kuni Daily Star nashri xabar berdi.

Nashrning ma'lumotlariga ko‘ra, ozodlikka chiqarilganlar orasida aksilhukumat namoyishlari ishtirokchilari hamda terrorchilik faoliyatiga aloqadorlikda gumon qilinib qo‘lga olinganlar ko‘pchilikni tashkil qilgan.

Suriyalik advokat Mishel Shammas bu mahbuslar Damasqdan 40 km uzoqlikdagi Adra qamoqxonasidan ozodlikka chiqarilganlarini aytgan. Ularning barchasi o‘tgan yilgi prezidentlik saylovlaridan keyin e'lon qilingan umumiy amnistiya ta'siri ostiga tushganlar.

Suriyaning Milliy kelishuv masalalari bo‘yicha vaziri Ali Haydarning tushuntirishicha, bu amnistiya birinchi marta 2012 yilda qabul qilingan aksilterrorchilik qonuni bilan ayblangan shaxslarga nisbatan qo‘llangan.

2014 yil 16 iyulda Suriya prezidenti Bashar Asad davlat rahbari sifatida uchinchi yetti yillik muddatga Damasqda qasamyod keltirdi. Asad Suriya tarixidagi birinchi saylovlarda 88,7 foiz saylovchilarning ovozini olgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish