14:37 / 19.07.2015
3077

Yunusobodlik “opa-uka” 400 qop unni olib, pulini bermaganliklari uchun jazoga tortildi

Toshkent shahri Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi, non yopish va sotish bilan shug‘ullanib kelgan Malika Allamberdiyeva va To‘lqin Ergashevlar Kamoliddin ismli do‘kondorni aldab, 400 qopning pulini bermaganlikda ayblanib, jazolandi. Bu haqda “Huquq” gazetasi xabar bermoqda.
Allamberdiyeva Kamoliddinga 100 qop un buyurtma qilgan, ammo pulini keyin berishini aytgan. Kamoliddin O‘rikzor bozoridan 71.1 ming so‘mdan kerakli miqdorda un olib, uni mijozga 75 ming so‘mdan sotgan. Allamberdiyeva pullarni kelishilgan vaqtda yetkazgan.
Oradan birmuncha vaqt o‘tib, Allamberdiyeva Kamoliddinga yana 200 qop un buyurtma qilgan. Do‘kondor unning qopini 76.5 ming so‘mdan sotib olib, mijozga yetkazgan va 78 ming so‘m narxga kelishgan.
Ammo novvoy ayol uzoq muddat pulni qaytarmagan. Bir kuni u Kamoliddinni To‘lqin Ergashev bilan tanishtirgan. Bunda u Ergashevni “tutingan ukam” deb tanishtirgan.
Ergashev Kamoliddindan yana 200 qop un olgan, ammo bu safar ham pullar vaqtida berilmagan.
Shunda Kamoliddin tegishli tashkilotlarga murojaat qilgan. Qalloblar qo‘lga olinib, javobgarlikka tortilgan. Yetkazilgan moddiy zararning bir qismi undirib berilgan.

Top