Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
FIFA prezidentligi uchun saylov o‘tkaziladigan kun belgilab olindi
FIFAning yangi prezidentini aniqlash uchun navbatdan tashqari saylov 2016 yilning 26 fevralida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni Tsyurix shahrida o‘tkazilgan FIFAning navbatdan tashqari yig‘ilishi vaqtida ma'lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 29 may kunida Yozef Blatter tashkilot rahbarligiga beshinchi marta saylangandi. Lekin shu vaqtda FIFA tizimidagi poraxo‘rlik va pul yuvish bilan bog‘liq mojarolar kelib chiqib, tashkilotning 7 nafar amaldori hibsga olindi. Shundan so‘ng, 2 iyun kuni Blatter o‘z lavozimini muddatidan oldin tark etishini e'lon qilgandi.
Bundan oldinroq, FIFAning yangi prezidentini saylash uchun 2015 yilning dekabrida saylovlar o‘tishi haqida xabar qilinayotgandi.
Qayd etish joiz, FIFAning yangi prezidentligi uchun Iordaniya shahzodasi Ali hamda braziliyalik mutaxassis Ziko o‘z nomzodlarini ko‘rsatishgan. G‘olib bo‘lish uchun eng ko‘p imkoniyatga ega shaxs sifatida esa UYeFAning amaldagi prezidenti Mishel Platini nomi tilga olinmoqda. U o‘z o‘rnini Germaniya Futbol ittifoqi rahbari Volfgang Nirsbaxga qoldirib, 15 kun ichida o‘z nomzodi haqida e'lon qilishi kutilmoqda. Platinini 6ta konfederatsiyaning 4tasida to‘la qo‘llab-quvvatlashlari haqida aytilgan.