Jahon | 12:20 / 20.07.2015
2109
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyaxu: Eron bilan kelishuv yadroviy dasturdan to‘la voz kechilishini nazarda tutishi kerak

Rasmiy Tehron bilan imzolanadigan kelishuv Eron yadroviy dasturining to‘la to‘xtatilishini nazarda tutishi kerak. Bu haqda 19 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQShning AVS telekompaniyasiga bergan intervyusida bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, 14 iyul kuni Venada Eron va vositachilar oltiligi o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunlariga ko‘ra yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi. Ammo kelishuv shartlari Isroilning noroziligiga sabab bo‘lib kelmoqda.
Kelishuv qanday shaklda bo‘lishi kerakligi haqidagi savolga javob berarkan, Netanyaxu “Demontaj evaziga demontaj” kerakligini ta'kidlab o‘tdi:
“Sanktsiyalarning olinishi evaziga Eron yadroviy dasturini demontaj qilish. Ma'muriyatning dastlabki nuqtai nazari shunaqa edi; o‘ylaymanki, bu to‘g‘ri qarash edi”.
Aslida esa, bosh vazirning fikricha, kelishuvga ko‘ra Eron “ikki narsaga ham erishdi”: “U yadroviy infrastrukturani saqlab qola oladi, sanksiyalar esa qisqa muddatli istiqbolda bekor qilinadi”.
Netanyaxuning fikricha, ushbu kelishuv Isroilning va butun Yaqin Sharqning xavfsizligiga tahdid soladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish