18:48 / 21.07.2015
3333

“Umra-2015” Ramazon mavsumi yakunlandi

Joriy yilning Ramazon oyi davomida o‘zbekistonlik 670 nafar ziyoratchi Saudiya Arabistonining Makka va Madina shaharlarida umra ibodatlarini ado etib, vatanga qaytib kelishdi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy sayti xabar berdi.

Muqaddas safar davomida ziyoratchilar Madina shahrida “Masjid an-Nabaviy”dan 150 metr masofada joylashgan "Fayruziyatul Xayr" hamda Makka shahrida Masjidul Haramdan 2,5-3 km masofada joylashgan “Safvatul Miad” mehmonxonalarida joylashtirildi.

Mazkur mehmonxonalarda ziyoratchilarga umra va boshqa ibodatlarini ado etishlari uchun barcha qulayliklar yaratildi. Xonalar televizor, sovutgich va konditsioner bilan jihozlandi. Makka shahridagi mehmonxonada ziyoratchilarning masjidga qatnashlari uchun mikroavtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

Ziyoratchilarga iftorlik va saharlik vaqtlarida ikki xildagi milliy taomlar, meva va turli ichimliklar berildi. Zaruriy dori-darmon va jihozlar bilan ta'minlangan tibbiyot punktlari ham 24 soat davomida faoliyat yuritdi.

13 iyuldan 14 iyul kuniga o‘tar kechasi o‘zbekistonlik ziyoratchilar Masjidul Haramda “Qadr kechasi”, 15 iyul kuni Xatmi Qur'on ibodatlarini ado etishdi. Hayit kunlari yurtdoshlarimiz Masjidi Haramda ibodat va duolar bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

Ziyoratchilarning vaqtlarini yanada mazmunli o‘tkazish maqsadida Madina shahridagi ziyoratchilar uchun Uhud tog‘i, Qubo va Qiblatayn masjidlariga hamda Makka shahridagi ziyoratchilar uchun Arofot, Mino, Muzdalifa vodiylar va Savr tog‘i kabi muqaddas joylarga ziyoratlar tashkil etildi.

Mehmonxonalarda ziyoratchilarga tizimli xizmat ko‘rsatishni ta'minlash maqsadida shifokor va guruh rahbarlarining uzluksiz navbatchiligi jadval asosida tashkil etildi.

Ma'lumot uchun joriy yilgi "Umra-2015" mavsumi 6 iyul kuni boshlangandi.

Bu jarayonda "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi mamlakatning turli viloyatlaridan bo‘lgan 670 kishini Toshkent-Jidda-Toshkent yo‘nalishida 6 charter reys orqali tashidi. Reyslar Boeing-757/767 samolyotlari orqali amalga oshirildi.

Ziyoratchilarning dastlabki guruhi 16 iyul kuni qaytishni boshlagani haqida xabar berilgandi.

Top