11:34 / 21.07.2015
7247

Chet elda o‘zbekistonlik muhojirlar tomonidan tuzilgan diniy guruh fosh etildi

“Postda” gazetasi chet elda o‘zbekistonlik muhojirlar tomonidan tuzilgan diniy guruh faoliyatining fosh etilganligini ma'lum qildi. Ammo bu guruh qaysi davlatda faoliyat yuritgani haqida ma'lumot berilmadi.

Dilmurod ismli yigit chet elga ishlashga ketib, bir guruh xorazmlik yigitlar ichida yashay boshladi. Shodmon aka ismli shaxs uni “do‘stlar” bilan tanishishga chaqirdi. Restoranlardan birida o‘n chog‘li 20-40 yoshli erkak to‘planib, diniy masalalarini muhokama qildi. Dilmurodga bu davra yoqib, ularning “iymonlashuv”larida muntazam ishtirok eta boshladi.

Ammo yig‘ilishlardan birida Otabek ismli yigit Suriyadagi “birodarlar”ga yordam berish kerakligi, bu yo‘lda shahid ketganlar jannatga tushishi haqida gap boshladi. Bu Dilmurodning shubhasiga sabab bo‘ldi.

O‘zbekistonda guruhning barcha vakillari qo‘lga olindi. Dilmurod, garchi bu tashkilot a'zosiga aylanib ulgurmagan bo‘lsa ham, lekin ularning faoliyati haqida tegishli idoralarga vaqtida xabar bermaganligi bois jinoiy javobgarlikka tortildi.

Top