O‘zbekiston | 18:15 / 21.07.2015
3322
2 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar Qashqadaryo va Namanganda elektr energiyasidan foydalanish samaradorligini o‘rganib chiqishdi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda 2009 yil 30 sentabrda qabul qilingan “Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonun talablarining Qashqadaryo hamda Namangan viloyatlaridagi ijrosi tahlil qilindi. Bu haqda “Jamiyat” gazetasi yozmoqda.
Yig‘ilish davomida ma'lum qilinishicha, 2014 yili “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hajmi 55.4 mlrd kVt/soatni tashkil etdi. Jami 5.9 mln iste'molchiga 43.2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, kamchiliklar ham tanqid ostiga olindi. Jumladan, sanoat konsentratsiyalashgan hududlar va shaharlarga nisbatan tuman, qishloq joylarida elektr energiyasi ta'minotidagi bir kunlik uzilish holati kun davomida ba'zan 18-20 soatni tashkil etmoqda va bu iste'molchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, bunday holatlarga ko‘p jihatdan aholi orasida qarzdorlikning ko‘payib ketishi ham sabab bo‘lmoqda. Umuman, mazkur tizimda qarzdorlik jiddiy tus olmoqda. Joriy yilning birinchi choragi natijalariga ko‘ra, Namangan viloyatida 217.883 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyatida 317.824 mlrd so‘m qarzdorlik qayd etilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish