Jahon | 12:55 / 21.07.2015
8645
2 daqiqa o‘qiladi

"O‘zbekiston islom harakati"ning Yevropadagi vakili AQShda sud qilinadi

Turkiya va Niderlandiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Irfan Demirtash Yevropa va Osiyo mamlakatlari bo‘ylab "O‘zbekiston islom harakati" tashkiloti uchun odamlarni yollaganlikda hamda tashkilot uchun xayriya mablag‘lari yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘lganlikda ayblanib, AQSh sud mahkamasiga keltirildi. Bu haqda AQSh Adliya vazirligining matbuot xizmati xabar bergan.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, 56 yoshli Demirtoshga nisbatan AQSh prokuraturasi 2011 yilning dekabridayoq 4 band bo‘yicha sirtdan ayblov e'lon qilgandi. U terrorchi tashkilotni qo‘llab-quvvatlash hamda boshqa moliyaviy jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanadi.

Ma'lum qilinishicha, Nasrulloh laqabi ostida harakat qilgan ushbu shaxsga 70 yillik qamoq jazosi belgilanishi kutilmoqda. AQSh huquq-tartibot organlari ma'lumotlariga ko‘ra, u qo‘lga olinguniga qadar AQSh, Rossiya va Niderlandiya hududida faol harakat olib borgan.

Adliya vazirligida ma'lum qilinishicha, Demirtosh shu yilning yanvarida Germaniyada Interpol so‘roviga binoan hibsga olingandi. 17 iyul kuni u AQShga ekstraditsiya qilingan.

Ma'lumot uchun, "O‘zbekiston islom harakati" ("Turkiston islom partiyasi") terrorchi tashkilot hisoblanib, Pokiston, Afg‘oniston, Turkiya, Iordaniya, Niderlandiya va Fransiyada o‘z bo‘limlarini tashkil qilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish