O‘zbekiston | 12:25 / 21.07.2015
5168
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistondagi jurnalda O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi haqida maqola nashr etildi

Pokistonda nashr qilinadigan «Textile World» oylik jurnalida «O‘zbekistondagi sarmoyaviy iqlim» sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Unda xorijiy sarmoyadorlar uchun O‘zbekistonda yaratilgan qulay sharoitlar hamda keng imkoniyatlar haqidagi atroflicha ma'lumotlar o‘z ifodasini topgan.

Nashr iqtisodiyotning barcha sohalarini rivojlantirish va modernizatsiyalash bo‘yicha majmuaviy dasturlarning tizimli va izchil ravishda hayotga tadbiq etilishi tufayli respublikaning yildan-yilga o‘zining eksport salohiyatini oshirib borayotgani haqida to‘xtalar ekan, jahon bozori yo‘nalishida xom ashyo o‘rnini yuqori texnologiyaga asoslangan yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulotlar egallayotganini alohida ta'kidlaydi.

O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligi sababi bozorining kengligi va Yevroosiyo multimodal kommunikatsiya tizimiga integratsiyalashgan rivojlangan transport infratuzilmasiga ega ekanligi bilan izohlanishi ham maqolada qayd etilgan.

Jurnal O‘zbekistonda shakllangan qulay investitsiya muhiti, xorijiy investorlar uchun keng ko‘lamdagi imtiyoz va afzalliklar, kafolatlar tizimi belgilangani haqida yozar ekan, respublikada tashkil etilgan erkin iqtisodiy hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan sub'yektlarga qator imtiyoz va qulayliklarning berilgani jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda, eksport salohiyatini yuksaltirishda, qolaversa, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘layotganiga urg‘u beradi.

Maqolada O‘zbekiston mintaqada eng diversifikatsiyalashgan iqtisodiyotga ega ekanligi hamda yengil va yuk mashinalarining ko‘plab rusumlarini, yuqori sifatli qishloq xo‘jaligi texnikalarini, kimyo, to‘qimachilik, dori-darmon, qurilish, oziq-ovqat sanoatidagi turli-tuman mahsulotlarni ishlab chiqarayotgani ham o‘quvchilar e'tiboriga havola qilingan.

Ushbu maqolada shitob bilan rivojlanib borayotgan O‘zbekiston bozoriga sarmoya kiritishga intilayotgan pokistonlik sarmoyadorlar uchun zarur bo‘lgan barcha muhim ma'lumotlar o‘z ifodasini topgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish