Savdo-sanoat palatasida Yaponiya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
2015 yilning 21 iyulida O‘zbekiston savdo-sanoat palatasida O‘zbekiston-Yaponiya davra suhbati o‘tkazildi. Unda Chiba tijorat universiteti rektori X. Shimada boshchiligidagi Yaponiya ishbilarmonlari delegatsiyasi ishtirok etdi.
Delegatsiya tarkibiga, shuningdek, elektr texnikasi, neft-gaz va kimyo sanoati, konsalting va moliya xizmatlarini ko‘rsatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniya vakillari kirdi.
Tahririyatga yuborilgan matbuot xabarnomasida aytilishicha, davra suhbati davomida mehmonlarga respublikaning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar istiqbollari, investitsion salohiyat haqida batafsil axborot berildi. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlab, bir qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda iqtisodiyotga Yaponiya kapitalini kiritish borasida kelishuvga erishildi.