O‘zbekiston | 10:07 / 21.07.2015
16537
5 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda pasport rejimi yanada kuchaytiriladi

Toshkent shahar hokimligi, mutasaddi tashkilotlar hamkorligida «Kommunal xizmat va obodonlashtirish hamda sanitariya va veterinariya qoidalarini, shuningdek, shaharsozlik va pasport tizimiga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma'muriy javobgarlikni ta'minlashda nazorat organlari va boshqa mutasaddi idoralarning mas'uliyatini yanada oshirish to‘g‘risida»gi 107-f-sonli qo‘shma farmoyish qabul qilindi. Bu haqda hokimlikning sayti orqali xabar qilindi.

Hujjatda mas'ul idora xodimlarining shahar hududini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda sanitar ahvolini yaxshilash borasida tegishli choralarni jonlantirishi, tuman hokimliklari tomonidan bu borada muntazam monitoringlar o‘tkazib borilishi lozimligi qayd etildi.

Davlat soliq inspeksiyasiga fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni, turar yoki noturar joyni (ofisni) ijaraga berishning barcha holatlarida belgilangan tartibda shartnomalarning tuzilishi va davlat byudjyetiga soliqlarning to‘lanishini ta'minlash, Davlat soliq idoralari xodimlariga fuqarolar o‘rtasida binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni ijaraga berish shartnomasining mavjud emasligi yoxud ijaraga berish shartnomasining majburiy notarial tasdiqlanishiga rioya qilmaslik bo‘yicha huquqbuzarlarga nisbatan qat'iyatlilik bilan keskin choralar ko‘rib, bu borada IIB va mahalla fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish vazifasi topshirildi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi, yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalari hamda hududiy tuzilmalari rahbarlarining e'tibori yakka tartibdagi uy-joy massivlarida fuqarolar tomonidan amaldagi va loyihadagi yo‘llar ustini, muhandislik inshootlarining muhofaza hududlarini, uy-joylar atrofidagi bo‘sh yer maydonlarini o‘zboshimcha egallash holatlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan ishlarda xodimlarning mas'uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Shahar davlat arxitektura nazorati inspeksiyasiga shaharsozlik faoliyatining barcha sub'yektlari tomonidan arxitektura-shaharsozlik me'yorlari, qoidalari hamda standartlari aholi hayot va faoliyat muhiti sifatining asosiy ko‘rsatkichlarini, ijtimoiy-iqtisodiy, tabiiy-iqlimiy va boshqa sharoitlarni hisobga olgan holda hududlarni shaharsozlik jihatidan o‘zlashtirish va boshqa talablarning so‘zsiz ijro etilishi yuzasidan tegishli nazoratni kuchaytirish, qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rib borilishini ta'minlash vazifalari yuklandi.
“O‘zdavneftgazinspeksiya” hamda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi, shuningdek, barcha tuman gaz foydalanish xizmatlari va elektr ta'minoti korxonalari rahbarlariga umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish, shuningdek, elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik ishlarni olib borish yuklandi.

Tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi raislariga hududda tozalik va ozodalikni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini yanada yaxshilash hamda aholining bu boradagi huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan profilaktik choralar ko‘rib borish, aholining tinchligi va xavfsizligini ta'minlashga yo‘naltirilgan ishlarni jadallashtirib, mahalla hududida pasport tizimiga rioya qilish, uy-joylarni noqonuniy ijaraga berish holatlarining oldini olish, shuningdek, shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan targ‘ibot ishlarining yanada kuchaytirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tuman hokimlari va tuman prokurorlariga tumandagi mas'ul nazorat-tekshiruv idoralarining ma'muriy huquqbuzarlikka oid ishlari yuzasidan doimiy monitoring olib borib, ularga biriktirilgan hududning sanitariya ahvoli va obodonlashtirish holatini inobatga olgan holda ular faoliyatiga baho berib borilishi, hududdagi nazorat-tekshiruv organlari tomonidan ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi va farmoyishda belgilangan vazifalarning bajarilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilib, bu boradagi ishlar yuzasidan muntazam ravishda tahlillar o‘tkazilishi ta'kidlandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish