Jahon | 06:30 / 21.07.2015
4985
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadagi terakt qurbonlari soni 30 kishiga yetdi

20 iyul kuni Turkiyaning janubi-sharqida, Suriya bilan chegarasi yonida sodir bo‘lgan kuchli portlash oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, Shonliurf viloyati Suruch uyezdida joylashgan Amar madaniyat markaziga kiraverishda 18 yoshli terrorchi-xudkush qiz portlovchi qurilmani harakatga keltirgan. Bu yerda sotsialist yoshlar jamiyati federatsiyasining 300ga yaqin yosh vakillari yashagan.

Hurriet gazetasining xabar berishicha, portlash federatsiyaning talabalari bir necha oylar davomida “IShID” terrorchilik guruhi nazoratida bo‘lgan Suriyadagi Kobani shahrini tiklagani u yerga borishni rejalashtirayotganlari haqida matbuotga e'lon qilmoqchi bo‘lganlarida sodir etilgan.

Hozircha hech qaysi bir terrorchilik guruhi ushbu terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Biroq huquq-tartibot muassasalari ushbu terakt ortida IShID jangarilari turganini aytishmoqda.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an halok bo‘lganlar oilalariga va jarohat olganlarga o‘z ta'ziyasini bildirdi. “Terrorchilikning dini ham, davlati ham, millati ham bo‘lmaydi. U qayerdan kelmasin, har doim la'natlanadi. Butun dunyo bu yovuzlik bilan kurashishi kerak. Suruchda halok bo‘lganlarga ta'ziya bildiraman va jarohatlanganlarning tezroq tuzalib ketishlarini tilab qolaman”, deb aytdi Erdo‘g‘an.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish