Texnologiya | 13:43 / 22.07.2015
2286
2 daqiqa o‘qiladi

Google, Facebook va eBay Apple’ga qarshi “patent urushi”da Samsung’ni qo‘llab-quvvatladi

Google, Facebook, eBay, Dell, HP va boshqa kompaniyalar patentlarning buzilishi masalasida Apple va Samsung o‘rtasida olib borilayotgan sud ishida oxirgisini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Inside Sources portali xabar bermoqda.
Kompaniyalar “sud do‘sti” maktubini yuborishdi. Ya'ni ular ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha mustaqil, neytral tomon sifatida maslahat va takliflari ifodalangan maktubni tayyorlashdi. Unda kompaniyalar Apple patentlarini buzganlik uchun Samsung’ning daromadidan ulush to‘lashi kerakligi haqidagi sud qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘rashdi.
“Bu qaror teskari natijalarga olib keladi va har yili yangi murakkab texnologiyalar tadqiqoti uchun milliardlab dollarlar to‘laydigan kompaniyalarga salbiy ta'sir o‘tkazadi”, – deyiladi maktubda.
Ekspertlarning fikricha, ko‘plab unsurlar va dasturiy ta'minotdan iborat smartfonlar va aqlli televizorlarning tabiati shu qadar murakkabki, ularni patentlashday yagona yuridik sathga keltirish qiyin bo‘ladi. Bu ayniqsa ayrim dizayn unsurlariga kelganda yaqqol ko‘rinadi.
Eslatib o‘tamiz, 2012 yili sud qarori bilan Samsung Apple’ga patentlarini buzganligi uchun 930 mln dollar to‘laydigan bo‘lgan edi. 2015 yilning 18 may kuni AQSh apellyatsiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqib, jarimani 548 mln dollarga tushirgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish