Jamiyat | 07:02 / 22.07.2015
2663
2 daqiqa o‘qiladi

Vladimir viloyatida 5 yoshli qizchaning o‘limiga sababchi bo‘lgan pensiya yoshidagi stomatolog ayol jazodan jarima to‘lash bilan qutilib qoldi

Rossiyaning Vladimir viloyati Kovrov shahri sudi 84 yoshli stomatolog ayolni 5 yoshli qizchaning sut tishini muvaffaqiyatsiz olib tashlagandan keyin uning o‘limiga sababchi bo‘lganlikda aybdor deb topdi, deb xabar bermoqda Vladimir viloyati tergov boshqarmasi.

Vafot etgan qizcha Kovrovda vaqtinchalik yashagan o‘zbekistonlik oilaning qizi bo‘lgan. 2015 yilning 1 yanvarida qizchaning tishi og‘rib qolgan, uning ota-onasi o‘z tanishlari orqali 60 yil stomatologiya sohasida ishlagan pensioner ayolni topishgan. Ayol o‘z uyida ruxsatnomasiz va sertifikatsiz stomatologik yordam ko‘rsatgan.

3 yanvar kuni stomatolog ayol 5 yoshli qizchani tekshirganda og‘iz bo‘shlig‘ining juda qarovsiz holda ekanligini qayd qilib, professional asbob yordamida anesteziya kiritgandan keyin, qizchaning yiringlab ketgan tishini olib tashlagan. Qizcha uyiga kelgandan keyin birozdan o‘tib, hushini yo‘qotgan. Voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan “Tez tibbiy yordam” mutaxassislari qizchani shifoxonaga olib ketishgan.

Mahalliy shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qizchada sepsis va miya shishi tashxisi qo‘yilgan. Qizchaga tegishli yordam ko‘rsatilganiga qaramasdan, u 4 yanvarda vafot etgan. Eskpertlarning xulosasiga ko‘ra, qizcha infeksion-toksik karaxtlikka olib kelgan kelib chiqishi noma'lum bo‘lgan shiddatli kechgan sepsis oqibatida vafot etgan.

Pensioner ayol hayot va mijoz sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatishda aybdor deb topilib, 100 ming rublga jarimaga tortildi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish