Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
2015 yilning birinchi yarim yilligida Qashqadaryo viloyatida YaHM o‘sishi 4,6 foizni tashkil etdi
Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarmida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-2019 yillarda iqtisodiyotni yanada isloh qilish, tarkibiy qayta o‘zgartirish va diversifikatsiyalash dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda amalga oshirilgan ishlar natijalari tahliliga ko‘ra, viloyatda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan yalpi hududiy mahsulotning o‘sishi 4,6 foizni, xalq iste'moli mollari ishlab chiqarish 7,4, kapital qo‘yilmalar hajmi 9,5, jami xizmatlar 15,9 foizni, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,2 foizni tashkil etdi.
Bandlik masalasini hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar tufayli 40 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilib, ularning asosiy qismi qishloq joylarda tashkil etilgan.
Faol investitsiya siyosati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, infratuzilmani rivojlantirish yanvar-iyun oylarida moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan 2,4 trillion so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Korxonalar tomonidan jalb etilgan mablag‘lar jami investitsiyalarning qariyb 52 foizini tashkil etdi. Investitsiyalarning 66,9 foizi ishlab chiqarish sohasiga jalb etildi.
Hisobot davrida sanoat dasturiga asosan 103,4 milliard so‘mlik investitsiya hisobidan 180 loyiha amaliyotga tatbiq etildi. Ya'ni 95 yangi sanoat korxonasi ishga tushirilib, 85 sanoat korxonasida modernizatsiya ishlari bajarildi. Natijada viloyatdagi sanoat korxonalari tomonidan o‘tgan oylarda uchta yangi turdagi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Prezidentimizning 2013 yil 2 avgustdagi “2013-2016 yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qarorga muvofiq, ushbu yillarda viloyatda jami 560 sanoat korxonasi ishga tushirilishi belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 492 yangi sanoat korxonasi tashkil etildi.
O‘tgan yarim yilda viloyatning umumiy tashqi savdo aylanmasi 414,6 million dollarni tashkil etdi, shundan 130,9 million dollar miqdoridagi mahsulotlar eksport qilindi. Eksport salohiyatini mustahkamlash va uning tarkibini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tufayli o‘tgan davrda 33 hududiy korxona tomonidan 22 turdagi mahsulot, jumladan, quritilgan meva-sabzavot, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika va boshqa turdagi mahsulotlar eksporti amalga oshirildi.
Tanqid va tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotni qayta ishlash va eksport qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar mavjud imkoniyat va salohiyat darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Joriy yil oxiriga qadar sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta'minlash dasturi parametrlarini bajarish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratildi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi.