13:50 / 23.07.2015
8018

Markaziy Bank: Banklarning umumiy kapitali 7,2 trln so‘mni tashkil qildi

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida bank tizimining 2015 yilning I yarim yilligidagi faoliyati yakunlari va mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16 yanvardagi majlisida belgilab berilgan 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari ijrosi hamda Vazirlar Mahkamasining shu yil 16 iyuldagi yig‘ilishida bank tizimi oldiga qo‘yilgan dolzarb vazifalarning muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan Boshqaruv majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Markaziy bank raisi Fayzulla Mullajonov boshqardi.

Qayd etildiki, hisobot davrida Markaziy bankning pul-kredit siyosati 2015 yil uchun mo‘ljallangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning bajarilishiga, mamlakatimiz Prezidentining bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgan farmon va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashga qaratildi.

2015 yilning I yarim yilligida mamlakatimiz bank tizimining kapitallashuv darajasini oshirish, uning likvidligini yanada mustahkamlash, barqarorligini kuchaytirish borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Natijada bank tizimida nafaqat xalqaro umumqabul qilingan me'yorlarga, balki ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha undan ham yuqori ko‘rsatkichlarga erishildi.

Xususan, bugungi kunda bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 24,3 foizni tashkil etib, u xalqaro bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan 8 foiz qilib belgilangan talabga nisbatan qariyb 3 barobar ziyoddir. 2015 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, banklarning umumiy kapitali 7,2 trln. so‘mdan oshib ketdi.

Bank tizimining joriy likvidlik darajasi bir necha yildan buyon 64 foizdan yuqori bo‘lib, bu ko‘rsatkich ham jahon amaliyotida umumqabul qilingan minimal ko‘rsatkichdan 2 barobar ortiqdir.

Bank aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,6 foiz o‘sib, bugungi kunda 59,5 trln. so‘mdan oshdi.

Xalqaro standartlar asosida samarali bank nazoratining amalga oshirilishi, bank likvidligi va aktivlari sifati ustidan doimiy monitoring olib borilishi mamlakatimiz banklariga yetakchi xalqaro reyting agentliklarining ijobiy reyting baholarini olish va qayta tasdiqlash imkonini berdi. «Moody’s» xalqaro reyting agentligi shu yilning 13 iyulida O‘zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollariga ketma-ket oltinchi yil «barqaror» reyting bahosini berdi.

Jumladan, agentlik tomonidan O‘zbekiston banklari aktivlari sifatining kelgusida ham yuqori darajada saqlanib qolishi, depozitlar hajmining barqarorligi hisobiga banklarning likvidlik ko‘rsatkichining ham yuqori darajada saqlanib turishi, shuningdek, 2014 yil yakunlari bo‘yicha Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari ichida faqat respublikamiz bank tizimi barqaror rivojlanish prognoziga ega ekanligi alohida qayd etildi.

Bugungi kunga kelib, respublikamizning barcha tijorat banklari «Fitch Ratings», «Moody’s» va «Standard&Poor’s» kabi nufuzli xalqaro reyting agentliklarining «barqaror» reyting baholariga egalar.

Bank tizimi faoliyatining asosiy indikatorlari, chunonchi, «banklarning umumiy kapitali yetarliligi», «tijorat banklarining likvidligi», «depozitlar hajmining dinamikasi», «kredit qo‘yilmalari hajmining o‘zgarishi» joriy yilning I yarim yillik yakunlari bo‘yicha yuqori baholarga mos bo‘ldi.

Banklar tomonidan 2015 yilning ustuvor vazifasi - sanoatda yuqori texnologiyali va zamonaviy bo‘lgan eng muhim obektlar hamda quvvatlarni ishga tushirish, mamlakatda ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va modernizatsiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Xususan, shu yilning I yarim yilligida iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi 2014 yilning shu davriga nisbatan 30,5 foiz ko‘payib, 2015 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 37,5 trln. so‘mdan ortdi.

Banklarning investitsiya maqsadlariga ajratilgan investitsion kreditlari miqdori ham 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobar oshib, 2015 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 5 trln. so‘mni tashkil qildi.

Mamlakatimiz rahbarining kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish va tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berish borasida qabul qilingan farmon va qarorlari ijrosini ta'minlash borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida soha subektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘payib, 2015 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, 6,4 trln. so‘mdan ortdi.

Jumladan, mikrokreditlar hajmi 1,4 trln. so‘mdan oshib, bu ko‘rsatkich ham 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ziyodroq o‘sdi.

Tijorat banklarining ayollarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirgan kreditlari miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar o‘sib, bugungi kunda 685,7 mlrd. so‘mdan oshib ketdi.

Shuningdek, banklar yoshlarni, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga ham jiddiy e'tibor berib kelmoqda.

Xususan, 2015 yilning I yarim yilligida mazkur yo‘nalishga 133,2 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,7 barobar ko‘pdir.

Mamlakatimiz banklarining barqaror holati, bank tizimiga bo‘lgan ishonchning yildan-yilga oshishi hamda aholi real daromadlarining o‘sib borishi aholi va xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarining bo‘sh pul mablag‘larini omonatlarga jalb qilishning mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tijorat banklarining resurs bazasini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar banklarning jami depozitlari miqdorini yildan yilga oshib borishini ta'minlamoqda. Xususan, ushbu ko‘rsatkich 2014 yilning shu davriga nisbatan 30,2 foiz o‘sdi va shu yilning 1 iyul holatiga 31,5 trln. so‘mdan ortdi.

Hisobot davrida moliyaviy xizmatlar tarkibida bevosita bank xizmatlari ulushi 87 foizni tashkil etdi, bu ko‘rsatkich ham 2014 yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobardan ziyodga oshdi. Bu aholi hamda tadbirkorlik sub'yektlariga zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatish sifati va ko‘lamini kengaytirish borasida ko‘rilayotgan maqsadli chora-tadbirlarning samarasidir.

Respublikamizda naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirishga ham alohida e'tibor berilmoqda. Muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni bugungi kunga kelib 14,5 mln.donadan oshdi, savdo va xizmat ko‘rsatish shaxobchalariga o‘rnatilgan hisob-kitob terminallarining soni esa 166,1 mingtaga yetdi.

Shu bilan birga, majlisda banklar tomonidan mijozlarga zamonaviy bank xizmatlari ko‘rsatish va aholining banklarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash borasidagi mavjud ichki imkoniyatlardan to‘liq foydalanmayotgan ayrim tijorat banklari faoliyati qattiq tanqid qilindi.

Majlisda, joriy yilning ikkinchi yarmida bank tizimida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.

Xususan, hukumat tomonidan 2015 yil uchun belgilab berilgan iqtisodiy dasturning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalarining o‘z vaqtida so‘zsiz bajarilishini ta'minlash, bank tizimining barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirishni davom ettirish, ayniqsa, mamlakatimiz Prezidentining 2015 yil 6 maydagi “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va ularning resurs bazasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga muvofiq bank tizimining barqarorligini ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, tijorat banklarining faoliyatini xalqaro standartlar va prinsiplarga muvofiq baholash, tartibga solish hamda nazorat qilish tizimini yanada takomillashtirish, xalqaro moliya institutlari bilan o‘rnatilgan hamkorlikni doimiy mustahkamlab borish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, bank xizmatlari turlarini yanada kengaytirish hamda sifatini yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadal joriy etish borasida muhim vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, majlisda barcha banklar rahbarlari zimmalariga «Keksalarni e'zozlash yili» Davlat dasturida belgilangan har bir vazifaning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashga qaratilgan ishlarni faol davom ettirish vazifalari ham yuklatildi.

Majlisda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Markaziy bank Boshqaruvining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Top