Texnologiya | 00:38 / 23.07.2015
11739
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK 12 ta samolyot va 6 ta aviadvigatelni sotuvga qo‘ydi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK samolyot-motor parkini bir xillashtirish maqsadida 12 ta samolyot, 6 ta aviadvigatel va boshqa qurilmalarni sotuvga qo‘yishini e'lon qildi. Bugungi kunda ushbu texnikalar foydalanishdan chiqarilgan va maxsus joylarda saqlanmoqda.

Kompaniya matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, 2 ta Yak-40 samolyoti (290 020 va 138 090 dollar), 4 ta Tu-154M (2 124 00 dollardan), 6 ta Il-76TD yuk samolyoti (2 701 770 dan 1 424 010 dollargacha narxda) sotuvga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, turli samolyotlar modellari uchun mo‘ljallangan 6 ta aviadvigatel ham sotilmoqda.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK O‘zbekistonda to‘liq davlat nazoratida bo‘lgan yagona aviatashuvchi hisoblanadi. Kompaniyaning aviaparki 33 ta xorijiy samolyotga ega: 15 ta Boeing (10 ta 767-300 va 5 ta 757-200), uchta A-310, 10 ta A-320, uchta o‘rta magistraldagi RJ-85 va 2 ta A300-600F yuk samolyoti.

Kompaniya Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq, Osiyoning 21 ta shahariga, MDHning 22 ta shahariga va mahalliy liniyalar bo‘yicha 11 ta yo‘nalishda reyslar amalga oshiradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish