11:35 / 24.07.2015
7180

“O‘zbekiston qiyin eruvchi va o‘tga chidamli materiallar kombinati” qattiq qotishmali materiallar ishlab chiqarishni kengaytirmoqda

2015 yilda Chirchiqda joylashgan “O‘zbekiston qiyin eruvchi va o‘tga chidamli materiallar kombinati” AJ 16 tonna qattiq qotishmali materiallar (podshipniklar uchun vtulkalar, oyna uchun parmalar, perforatorlar uchun burg‘ilar) ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Korxona ma'lumotlariga ko‘ra, ushbu materiallar 2014 yilga nisbatan 7 foiz, 2013 yilga nisbatan esa 19 foizga ko‘proq miqdorda ishlab chiqariladi.

2014 yilda korxona o‘z mablag‘lari hisobidan 202 ming dollarga 500 tonna yuqori haroratga chidamli keramika ishlab chiqarishni o‘zlashtirib oldi. O‘zbekiston sanoatining turli maqsadlar uchun mo‘ljallangan keramik buyumlarga (qoliplangan, qoliplanmagan, po‘latni quyish uchun stopor mahsulotlar) ehtiyoji 11,7 mln dollarga baholanmoqda.

Kombinat 2017 yilga qadar vodorod-kislorod sexi kompressor stansiyasini modernizatsiya qilish hisobiga gaz ballonlarida kislorod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Ushbu yangi mahsulotga sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari katta ehtiyoj sezmoqdalar.

Istiqbolli ishlab chiqarishning unumdorligi yiliga 1,5 mln kub metr kislorodni tashkil etishi kutilmoqda.

Korxona prognozlariga ko‘ra, asosiy mahsulot – molibdenning 2015 yilda ishlab chiqarilish hajmi 570 tonnani, volframniki esa 110 tonnani tashkil qiladi.

Top