09:19 / 24.07.2015
2531

"Arsenal" direktori: "Tottenhem" "Arsenal"dan 5 yilga ortda qolmoqda

"Arsenal" jamoasi direktorlar kengashi a'zosi lord Filip Xarris London shahridagi yana bir jamoa "Tottenhem" haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

"Bizning muxlislarimiz turlicha qarashlarga ega kishilar hisoblanishadi. Bu jamoa bilan bitta stadionni bo‘lisha olmaymiz. Agar jamoalardan biri ligada g‘olib bo‘lsa, ikkinchi jamoa muxlislari aqldan ozishi tayin. Shuning uchun, ular bilan hamkorlik qilishimizning imkoni yo‘q.

Menimcha, "Tottenhem" rivojlanishda "Arsenal"dan 5 yilga ortda qolib ketgan.

Gap faqat iqtisodiy omilkorlikda emas. Lekin, qayd etishimiz kerakki, "Tottenhem" Garet Beylni 80 mln funt evaziga sotganida ("Real"ga - Kun.uz izohi), uning o‘rnini to‘ldirish uchun 110 mln funt sarfladi va bironta ham yaxshi futbolchi xarid qila olmadi.

Venger esa bir mavsum uchun ko‘pi bilan 3 futbolchini transfer qilib, olib kelishi mumkin. Agar bir mavsum arafasida bundan ko‘p miqdordagi o‘yinchilar tarkibga qo‘shilsa, ularni jamoaga moslashtirish va yangi o‘yin uslubini yaratish uchun juda ko‘p vaqt ketib qolishini u juda yaxshi biladi.

Men jamoamiz siyosatini "Arsenal yo‘li" deb atayman va bu bilan faxrlanaman. Biz natijalarimiz juda yomon bo‘lgan vaqtlarda ham ajoyib futbol o‘ynaganmiz. Endilikda esa, bizga jarohatlar xalaqit bermayapti va yangi mavsumda APL hamda YeChLda har qanday jamoa uchun jiddiy raqib bo‘la olamiz", deydi Xarris.

Eslatib o‘tamiz, "Tottenhem" jamoasi 61 ming kishilik yangi stadion qurishni rejalashtirgan va bu loyihani amalga oshirishda "Arsenal"dan hamkorlik qilishini so‘ragandi.

Top