Jahon | 07:32 / 25.07.2015
5871
2 daqiqa o‘qiladi

Putin sanksiya kiritilgan mahsulotlarni chegarada yo‘q qilishga ruxsat berdi

Rossiya qishloq xo‘jaligi vaziri Aleksandr Tkachev Rossiya prezidenti Vladimir Putindan embargoga tushgan mahsulotlarni chegarada yo‘q qilishga ruxsat berishni so‘radi. Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi ma'lum qilmoqda.

Putin ushbu fikrni qo‘llab-quvvatladi va Kreml ma'muriyatiga hamda hukumatga bu masalani huquqshunoslar bilan ishlab chiqishni buyurdi. Bosh vazir Dmitriy Medvedev ham Tkachevning fikrini qo‘llab-quvvatlagan.

Putinning ta'kidlashicha, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari Rossiyaga sanksiyaga tushgan mahsulotlar olib kirilayotganidan shikoyat qilishmoqda. Tkachev qo‘shni davlatlar orqali boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Rossiya hududiga olib kirish holatlari qayd etilayotganini tan oldi.

“Fursatdan foydalanib, sizdan va hukumatdan Rossiyaga noqonuniy olib kirilayotgan mahsulotlar joyida yo‘q qilinishiga ruxsat berishingizni so‘rayman”, deb aytdi vazir. Uning aytishicha, qonun bo‘yicha yuklar orqaga qaytarilishi kerakligi sabab vaziyat ijobiy hal bo‘lmayapti.

Moskva iyun oyida AQSh, Avstraliya, Kanada, Norvegiya va Yevropa Ittifoqi davlatlariga nisbatan kiritilgan oziq-ovqat embargosining amal qilish muddatini uzaytirdi. Endi bir qator mahsulotlarga kiritilgan taqiqlov 2016 yilning 6 avgustigacha amal qiladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish