Jamiyat | 20:16 / 25.07.2015
8004
2 daqiqa o‘qiladi

Yodgor Sa'diyev va Gulchehra Jamilova yana bir bor teatr sahnasida birgalikda chiqish qilishi mumkin

7x7 nashri atoqli o‘zbek aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev bilan suhbat uyushtirdi.

Biroz oldinroq, ushbu aktyor uzoq vaqtlik ijodiy tanaffusdan keyin (15 yil - Kun.uz izohi), san'atga qaytib, may oyida O‘zbek Milliy akademik drama teatri sahnasida "Imon" spektaklida bosh rol ijro etgandi.
Dramaturg Izzat Sulton asari asosida rejissyor Marat Azimov tomonidan sahnalashtirgan mazkur spektaklda Yodgor Sa'diyev jonlantirgan bosh qahramon, professor, ilm fan fidoiysi Yo‘ldosh Komilov o‘z o‘g‘lining aynan ilm sohasida qalloblikka qo‘l urib, plagiatorlik qilishiga duch keladi.

Uyushtirilgan suhbat davomida aktyor uzoq vaqt tanaffus tufayli rolga kirishish biroz qiyin kechganini tan olgan.

"Ayniqsa, asardagi 20 varaqdan ortiqroq so‘zlarni yodlashga qiynaldim. Lekin mehnat qilish orqali har qanday qiyinchilikni yengish mumkin. Spektakl yakunida muxlislarning olqishlashi har qanday qiyinchilikni ununttiradi", deydi san'atkor.

Jurnalist Yodgor Sa'diyevning ish stolidagi asarni payqab qoladi va aktyordan bu yangi spektakl uchun mo‘ljallab yozilgan asar ekanini bilib oladi.

Ma'lum bo‘lishicha, "Gulizorim" nomli bu asar teatrdagi asosiy ijodkorlardan biri Erkin Xushvaqtov tomonidan navbatdagi spektakl uchun yozilgan bo‘lib, yaqin vaqt ichida bu asar sahnalashtirilishi rejalashtirilgan.

Yodgor Sa'diyev asardagi bosh rollardan biriga o‘zining san'atdagi doimiy hamkori Gulchehra Jamilovani taklif etish niyatida ekanini bildirgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish