O‘zbekiston | 15:33 / 27.07.2015
6494
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati Termiz shahrining bosh rejasini tasdiqladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan, Termiz shahrining 2035 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi. Bu haqda "Gazeta.uz" nashri xabar qilgan.

Surxondaryo viloyati markazining bosh rejasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-2017 yillarda Surxondaryo viloyatining yo‘l-transport, muhandislik va kommunikatsiya hamda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish haqidagi qarori asosida ishlab chiqilgan.

Bosh rejaga ko‘ra, Termiz shahrining markaziy qismini rekonstruksiya qilish, ekologik jihatdan zararli korxonalarni shahar tashqarisiga ko‘chirish, hududlar va transport yo‘llari holatini yaxshilash hamda aholi uchun zarur muhandislik kommunikatsiyalari bilan ta'minlangan yangi uylar qurish ko‘zda tutilgan.

Rejalashtirilishicha, birinchi navbatda shahar aholisi 2020 yilgacha 155 ming kishiga yetkaziladi (ayni paytda bu miqdor 136,3 ming kishi), 2035 yilda esa Termizda 195 ming kishi yashayotgan bo‘ladi. Shaharda aholi yashaydigan hudud maydonlari 2035 yilga borib 3,51 million kv metrni tashkil etadi.

Shuningdek, shaharning umumiy maydoni 2,78 ming gektardan (2014 yil holatiga ko‘ra) 4,341 ming gektarga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bu Termiz shahri tarkibiga Pattakkesar posyolkasi to‘liq, Manguzar, Chegara, Namuna, Paxtakor, Guliston, Tinchlik posyolkalari qisman kiritilishi evaziga amalga oshiriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish