Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
1 avgustdan Andijonda yangi avtobuslar xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Shu yilning 1 avgust kunidan Andijon shahrida yangi avtobuslar harakatlana boshlaydi. Ayni paytda "Shahrixontrans" bazasida lizing asosida Samarqanddan keltirilgan 140 donaa "Isuzu" rusumli avtobuslar saqlanmoqda. Bu haqda Kun.uz manbalaridan biri ma'lum qildi.

Manbaning ma'lum qilishicha, 1 avgust kunidan 20ta, 1 sentabrdan esa yana 120ta shunday avtobuslar xalq uchun xizmat qila boshlaydi.
Xabar qilinishicha, avtobuslarning har birining narxi 189,9 mln so‘mdan hisoblangan.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda shunday avtobuslarning suratlari tarqalgan bo‘lib, foydalanuvchilar bu yangi avtobuslar shahardagi "Damas"larga raqobatchi bo‘lishi va ularning arzonlashishini taxmin qilgan.
Yana bir foydalanuvchi esa, bu fikrni qo‘llagan holda, "Damas" avtomobili jamoat transporti sifatida ba'zi noqulayliklarga egaligini, unga chiqish va tushishdagi muammolar barcha mijozlarga ham yoqavermasligini qayd etgan.

Shuningdek, shaharda jamoat transporti bo‘yicha raqobat mavjud emasligi tufayli "damaschilar" yo‘l haqlarini mustaqil ravishda o‘zgartirishlari, bitta yo‘nalish uchun belgilangan 500 so‘mlik narx, qosh qoraya boshlagach, masofaning uzunligiga ko‘ra 1500 so‘mgacha ko‘tarilib ketishi qayd etib o‘tilgan.
Ma'lumot uchun, Andijon shahrida "Damas" haydovchilari "Klinika" bekatidan Eski shahargacha 500 so‘m, Yangi bozorgacha 1000 so‘m, shahar tashqarisidagi eng oxirgi bekatgacha esa 1500 so‘mlik narx "o‘rnatishgan".
Endilikda esa, yangi avtobuslar butun masofa bo‘ylab 800 so‘mdan qatnashi mumkinligi aytilgan.