17:21 / 28.07.2015
3299

Yevrokomissiya Turkiyani kurd jangarilariga proporsional javob berishga chaqirdi

Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunker Turkiya hukumatini Kurdiston ishchi partiyasiga qarshi proporsional choralar ko‘rishga chaqirdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy vakili Mina Andreyeva ma'lum qildi.
Turkiya qurolli kuchlari o‘tgan juma Suriya shimolida IShIDga qarshi, Iroq shimolida esa KIPga qarshi operatsiyalar o‘tkazishni boshladi. Operatsiyada F-16 qiruvchi samolyotlari qo‘llanilmoqda. Bunga javoban partiya rasmiylari Anqara bilan imzolangan sulh bitimi o‘z kuchini yo‘qotganini ma'lum qildi. Shundan so‘ng mamlakat bo‘ylab bir qancha terrorchilik aktlari uyushtirildi. Jumladan, bugun Turkiya jandarmlari Arzirum viloyatidagi bo‘linmaga hujum uyushtirgan uch nafar jangarini yo‘q qildi. Ularning Kurdiston ishchi partiyasiga aloqadorligi aytilmoqda. Mamlakat janubi-sharqidagi Mush viloyatida jangarilar jandarmeriya garnizoni komandirining mashinasini o‘qqa tutgan. Mashinada uning rafiqasi va bolasi bo‘lgan. Ularga ziyon yetmagan, ammo zobitning o‘zi olingan jarohatlardan vafot etgan.
Bundan tashqari, dushanba kuni Van viloyatidagi avtotrassada jandarmlar va jangarilar o‘rtasida otishma yuzaga keldi. Ekstremistlar yo‘lni to‘sib qo‘yib, haydovchilarning hujjatlarini tekshirib, “shubhali”larni o‘tkazishmagan. Ular bitta yuk mashinasiga o‘t qo‘ygan. Voqea joyiga yetib kelgan jandarmlarga qarata avtomatik qurol va granatomyotlardan o‘q uzilgan. Jinoyatchilar yaqin atrofdagi tog‘larga berkinishga ulgurgan, ularni qidirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlab yuborilgan.

Top