Jahon | 08:20 / 28.07.2015
3308
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyadagi restoran grek inqirozi “sharafi”ga taomnoma ishlab chiqdi

Germaniyadagi restoran grek inqiroziga “bag‘ishlangan” tematik taomnoma ishlab chiqdi, deb xabar bermoqda TheLocal.de portali.

Bu taomnoma taklif qilinayotgan Berlindagi restoranga gretsiyalik Georgios Xrissidi egalik qiladi.

“Inqiroziy” taomlar, misol uchun, Gretsiya moliya vaziri Yanis Varufakis va bosh vazir Aleksis Tsipras sharafiga atalgan. Bundan tashqari, mijozlarga Germaniya kansleri Angela Merkel nomi bilan ataluvchi shirinlik, Germaniya moliya vaziri Volfgang Shoyble nomi bilan ataluvchi taom taklif qilinmoqda.

Restoran egasi Xrissidi Gretsiyada tug‘ilgan va 24 yildan beri Germaniyada istiqomat qilib keladi. Uning Berlindagi restorani O‘rta Yer dengizi oshxonasiga mansub taomlar tayyorlaydi.

Xrissidi “inqiroziy” taomnoma yaratish g‘oyasi unda ikki hafta burun paydo bo‘lganini, biroq dastlab mijozlar bu fikrga salbiy munosabat bildirishlaridan xavotirlanganini aytdi. Uning aytishicha, keyinroq odamlar bunday taomnomani antiqa deb hisoblashlari ma'lum bo‘ldi.

“Inqiroziy” taomlarni avgustning o‘rtalarigacha tanovvul qilish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish