Jahon | 09:32 / 28.07.2015
1877
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmanistondagi observatoriya modernizatsiya qilinadi

Turkmaniston Fanlar Akademiyasi seysmologiya va atmosfera fizikasi institutida Rossiya Fanlar Akademiyasi amaliy matematika instituti ilmiy xodimi Igor Molotov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda astronomik teleskoplar yordamida fazo jismlarini kuzatish sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Ma'lumki, Ashxobod yaqinidagi Dushaq-Erekdag‘ tog‘ida, dengiz sathidan 2 400 m balandlikda astronomik observatoriya joylashgan bo‘lib, unda katta diametrli oynalarga ega uchta teleskop o‘rnatilgan. U dunyodagi eng yaxshi observatoriyalardan bir hisoblanadi: unda yiliga 2 100 soat kuzatuv ishlari olib boriladi. Ushbu observatoriyani modernizatsiya qilish ko‘zda tutilmoqda.

“Turkmaniston geostatsionar orbitada o‘z sun'iy yo‘ldoshiga ega ekanligini hisobga olsak, biz sizning mutaxassislaringiz va olimlaringiz bilan uning xavfsizligini ta'minlash va tegishli tadqiqotlar olib borishga tayyormiz, – dedi Igor Molotov o‘z chiqishida. – Bu jihatdan Dushaq-Erekdag‘ observatoriyasining ishini qaytadan tiklash muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ayni kunda observatoriyaning har uchala teleskopi modernizatsiyaga muhtoj. Mutaxassislarning fikricha, muassasaning TürkmenÄlem 52°E fazo apparati xavfsizligini ta'minlashda ishtirok etishi bashoratlar aniqligini oshirishga xizmat qiladi. Bu ishlar, shuningdek, mintaqadagi boshqa yo‘ldoshlar ishini osonlashtirishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish