Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Turkiyada amalga oshirilgan teraktlarda 40 kishi halok bo‘ldi
Oxirgi kunlarda Turkiyada amalga oshirilgan qo‘poruvchilik harakatlari 41 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Ulardan 11 nafari politsiyachi yoki harbiy edi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Ahmad Dovudo‘g‘li bayonot berdi.
“Uchta terrorchi tashkilot (IShID, KIP va Inqilobiy xalq ozodlik partiyasi) bir paytning o‘zida Turkiyaga qarshi hujumlarini boshladi. Suruchdagi teraktdan boshlab turli miqyosdagi 657 terakt sodir etildi, mamlakatning 41 fuqarosi, shu jumladan, 11 politsiyachi va harbiy halok bo‘ldi”, – dedi u o‘zi boshchilik qilayotgan Adolat va taraqqiyot partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida qilgan chiqishida.
Bosh vazir deputatlarni hukumat terrorchilikka qarshi kurashga barcha kuchlarini safarbar etishiga ishontirdi: “Bizning kuchimiz nafaqat 3ta, balki 33ta terrorchi tashkilotga qarshi kurashishga yetadi”.
Eslatib o‘tamiz, bugun Turkiya jandarmlari Arzirum viloyatidagi bo‘linmaga hujum uyushtirgan uch nafar jangarini yo‘q qildi. Ularning Kurdiston ishchi partiyasiga aloqadorligi aytilmoqda. Mahalliy televideniye orqali xabar berilishicha, kelib chiqqan otishmada uchala jangari ham o‘ldirilgan.
Shu bilan birga, mamlakat janubi-sharqidagi Mush viloyatida jangarilar jandarmeriya garnizoni komandirining mashinasini o‘qqa tutgan. Mashinada uning rafiqasi va bolasi bo‘lgan. Ularga ziyon yetmagan, ammo zobitning o‘zi olingan jarohatlardan vafot etgan.
Bundan tashqari, dushanba kuni Van viloyatidagi avtotrassada jandarmlar va jangarilar o‘rtasida otishma yuzaga keldi. Ekstremistlar yo‘lni to‘sib qo‘yib, haydovchilarning hujjatlarini tekshirib, “shubhali”larni o‘tkazishmagan. Ular bitta yuk mashinasiga o‘t qo‘ygan. Voqea joyiga yetib kelgan jandarmlarga qarata avtomatik qurol va granatomyotlardan o‘q uzilgan. Jinoyatchilar yaqin atrofdagi tog‘larga berkinishga ulgurgan, ularni qidirish bo‘yicha maxsus operatsiya boshlab yuborilgan.