Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi “SamAvto” kompaniyasi aksiyadori bo‘ladi
Yaponiyaning Isuzu Motors kompaniyasi va “O‘zavtosanoat” AK 29 iyul kuni Toshkentda Samarqand avtomobil zavodi ustav kapitalidagi 8 foiz ulushni sotish olish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AK matbuot xizmati ma'lum qilmoqda.
Tomonlar Samarqand avtomobil zavodini uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasi, jumladan model qatorini yangilash va kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish, ilg‘or yapon texnologiyalari va ishlab chiqarish jarayonlarini kiritish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
“Isuzu Motors’ning Samarqand avtomobil zavodi aksiyadorlari qatoriga kirishi bizning “O‘zavtosanoat” bilan hamkorligimizning kutilgan bosqichi bo‘ldi”, deb ta'kidlab o‘tdi Isuzu Motors ijrochi vitse-prezidenti va direktori Takanobu Furuta.
“O‘zbekistonda transport infratuzilmasini rivojlantirish va sanoat ishlab chiqarishni faol rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni hisobga olib, biz iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sifatli yuk avtomobillariga katta talab borligini ko‘rmoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Furuta.
Isuzu Motors va «O‘zavtosanoat» o‘rtasidagi hamkorlikka 2007 yilda asos solingan. Siqilgan tabiiy gazda ishlovchi yangi yuk mashinalari modeli ishlab chiqarilishining o‘zlashtirilishi bu hamkorlik rivojlanishining muhim bosqichi bo‘ldi. Isuzu Motors “SamAvto”ning texnologik hamkori hisoblanib, zavodda ishlab chiqariladigan avtobus, o‘rtacha tonnajdagi yuk mashinalari va boshqa tijoriy texnikaga shassi va dvigatellar yetkazib beradi.