O‘zbekiston | 09:44 / 31.07.2015
6522
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda “Mustaqillik yoshlari” shiori ostidagi yoshlar oqshomlari o‘tkazilmoqda

“Namangan yoshlar markazi” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oya asosida “Mustaqillik yoshlari” shiori ostidagi yoshlar oqshomi o‘tkazilmoqda.

Shou dasturlar o‘zbek xalqining asrlar davomida intilib yashagan va kurashgan, mustaqillik degan bebaho ne'matning qadr-qimmatini teran idrok etish, o‘tgan davr mobaynida bosib o‘tgan og‘ir va mashaqqatli, ayni vaqtda sharafli yo‘l, keng ko‘lamli islohotlar, qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlarning tub mohiyati va ahamiyatini yoshlarga keng tushuntirish, hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, maqsadida tashkil etilgan.

Tadbirlar Namangan shahrida joylashgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bog‘ida xaftaning har chorshanba kuni ko‘tarinki bayramona kayfiyatda o‘tkazilmoqda.

Dastur davomida viloyatimizdagi iste'dodli san'atkorlar tomonidan Mustaqilligimizni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, yosh aktyorlarning qiziqarli sahna ko‘rinishlari, yoshlarning ijtimoiy faollikka chorlovchi interaktiv o‘yinlar chin ma'noda barchada iliq bayramona kayfiyat ulashdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.