Sport | 23:56 / 31.07.2015
3060
2 daqiqa o‘qiladi

Tomas Bax: Pekinning 2022 yilgi Qishki Olimpiada poytaxti qilib tanlanishi xavfsiz va tarixiy qaror bo‘ldi

Xitoy poytaxti – Pekinning 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari poytaxti qilib tanlanishi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi uchun xavfsiz va tarixiy qaror bo‘ldi, deb aytdi Kuala-Lumpurda bo‘lib o‘tgan XOQning matbuot-anjumanida XOQ prezidenti Tomas Bax.

31 iyul kuni XOQning 128-sessiyasida Pekin 2022 yilgi qishqi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini qabul qilishi e'lon qilindi. Pekin to‘rt ovoz ustunlik bilan o‘z raqibi – Olma-ota shahri ustidan g‘alaba qozondi (44-40).

“Bu xavfsiz va tarixiy tanlov bo‘ldi. Chunki Pekin eng yuqori darajadagi musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega. Biz buni boshqa xalqaro tashkilotlar kabi yaxshi bilamiz. Tarixiy voqea bo‘lishi esa Pekin ham yozgi, ham qishki Olimpiya o‘yinlarini va shu bilan birga 14 yil farq bilan o‘tkazadigan birinchi davlat bo‘ladi”, deb aytdi Bax.

2008 yilda Pekinda yozgi Olimpiya o‘yinlari o‘tkazilgan edi.

Shu tariqa Olimpiya o‘yinlari ketma-ket uch marta Osiyo qit'asida o‘tkaziladigan bo‘ldi (Pxenchxan-2018 va Tokio-2020).

Pekinda musobaqalar uchta joyda: markaziy Pekinda (ochilish marosimi, figurali uchish, short-trek, xokkey, kyorling, konkida yugurish), Pekinning shimoli-g‘arbiy uyezdi Yantsinda (tog-chang‘i sporti, bobsley, chana sporti, skeleton) va Chjantszyakou shahrida (chang‘i poygalari, tramplindan sakrash, biatlon, fristayl, snoubord) o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish