O‘zbekiston | 08:26 / 01.08.2015
4507
3 daqiqa o‘qiladi

Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidagi tramvay liniyasi o‘rnida 8 polosali trassa paydo bo‘ladi

Biroz oldinroq “Toshkent tramvayi” DUK va “Toshshahartransxizmat” AK 2015 yilning 1 avgustidan Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasidagi tramvay liniyasi olib tashlanishini ma'lum qilgandi. Toshkent hokimiyati bu shohko‘chani kengaytirib, undagi polosalar sonini 8taga yetkazishga qaror qilgan.

Uzbekistan Today agentligiga “Toshshahartransxizmat” boshqaruv raisi Otabek Sodiqovning ma'lum qilishicha, olib tashlanadigan tramvay liniyasi o‘rniga ko‘chani 10 metrga kengaytirish ishlari boshlanadi. Yo‘lda shuningdek, ko‘prik qurish rejalashtirilgan.

“Bugunda Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasi va unga tutashuvchi yo‘llar Toshkent shahri va Toshkent viloyatini bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi. Bu yo‘l Chirchiq va Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi asosiy trassa hisoblanadi. Bu yerda muntazam tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Bu muammoni hal qilish maqsadida 13-tramvay yo‘nalishini qisqartirishga va tramvay yo‘llarini olib tashlashga qaror qilindi”, deb ta'kidlab o‘tdi Sodiqov.

“Toshshahartransxizmat” rahbarining aytishicha, bunday qarorning qabul qilinishiga tramvaydan foydalanishning o‘zini iqtisodiy tomondan oqlamaganligi ham sabab bo‘lmoqda.

“Tramvayda odam tashishning tannarxi hozirgi 1000 so‘m narxdan 2,5 barobardan ko‘proqni tashkil qiladi. Ya'ni odamlar ziyon ko‘rmasligimiz uchun 2,4-2,6 ming so‘m to‘lashlari kerak. Bu borada avtobus bilan tashishlar 1,5 barobar arzonroqqa tushadi, shuning uchun 31 iyuldan “TTZ – Toshkent vokzali” yo‘nalishi bo‘yicha yangi 14-raqamli avtobusni kiritishga qaror qilindi. Bu yo‘nalish olib tashlangan tramvay liniyasini takrorlaydi. Hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha 7-8 daqiqalik interval bilan 12ta avtobus harakatlanmoqda, zarurat paydo bo‘lganda avtobuslarning miqdori oshirilishi va intervallar qisqartirilishi mumkin”, deb qo‘shimcha qilib o‘tdi Sodiqov.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish